×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:08:23 (GMT +5), juma, 25 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


6 - oktabr 2016

Fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi huquqlarini amalga oshirishning eng muhim demokratik instituti

Ma’lumki, barcha demokratik o‘zgarishlarning asosi fuqarolarning xohish irodasi bo‘lib, u umumiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tenglik tamoyillari asosida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z ifodasini topadi.

Davlat hokimiyati muhim organlarini shakllantirishning elektoral mexanizmi, erkin va ochiq saylovlarning muntazam o‘tkazilishi demokratiyaning amaliy tasdig‘i, mamlakatdagi mavjud siyosiy tizim legitimligi, ya’ni qonuniyligining bosh mezonidir.

O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, demokratiya va saylov tushunchalari doimo yonma-yon yuradi, ular o‘zaro birlashib ketgan. Saylov — demokratiya degani.

Demokratiya, bu — saylov degani.

Erkin demokratik saylovlar referendum kabi xalq hokimiyati bevosita namoyon bo‘lishining oliy ifodasi, mamlakatda xalq hokimiyatchiligini amalga oshirishning shakli bo‘lib, unda xalq bevosita o‘z siyosiy xohish irodasini bildiradi. Saylovlar siyosiy jarayonlarning raqobatliligi va haqqoniyligini ta’minlaydigan vosita, siyosiy kurashning madaniy shakli hisoblanadi.

Saylov vositasida fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlarini saylash va saylanishga oid konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshiriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yilda tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi, bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi hamda teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Shuning uchun ham O’zbekistonda saylov qonunchiligining izchil takomillashtirilishini mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlarning tarkibiy qismi sifatida ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda yurtimizda BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Parlamentlararo Ittifoq hujjatlari qoidalarini, xalqaro huquqning tegishli standartlarini hamda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘zida aks ettirgan milliy saylov qonunchiligi yaratilgan.

Saylov qonunchiligi tizimiga qanday qonunlar kirishi haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, eng avvalo, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qayd etish joiz. U butun saylov qonunchiligi tizimining asosini tashkil etadi. Asosiy Qonunimizning 7-moddasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Bu, mohiyatiga ko‘ra, demokratiyaning qonuniy kafolati va davlatimizdagi saylov qonunlari uchun asosiy qoidadir. Mazkur norma Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 21-moddasi, YeXHT Kopengagen hujjatining 7-bandi qoidalari implementatsiyasi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida dunyoning boshqa mamlakatlaridan farqli o‘laroq “Saylov tizimi” deb nomlangan maxsus bob bo‘lib, 117-moddada belgilanganidek, O’zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Shuningdek, barcha qonunlar bevosita O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlariga, qolaversa, O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlariga bag‘ishlangan.

Saylov qonunchiligi tizimiga yana bir qator qonunlar kiradi. Garchi, saylovlar ular tomonidan bevosita tartibga solinmagan bo‘lsa-da, u yoki bu darajada saylov jarayoniga daxldordir.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi, “O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasiga kiradi.

Yuqorida zikr etilgan qonunlar o‘tgan davr mobaynida vaqt sinovidan o‘tib, o‘zining haqiqiy kuchini, turli darajadagi saylov amaliyotida samaradorligini namoyish etdi.

Saylov qoidalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari qonunchiligining izchil va tizimli demokratlashtirilishi hamda erkinlashtirilishi natijasida mamlakatimizda saylovlarga ochiqlik, oshkoralik va transparentlik singari ilg‘or demokratik standartlarga muvofiq holda tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratildi. Ushbu tamoyillar mustaqil Markaziy saylov komissiyasi, fuqarolik jamiyati institutlari, avvalo, siyosiy partiyalar, ularning vakolatli vakil va kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, xorijlik kuzatuvchilar tomonidan ta’minlanmoqda.

Saylovlarni ochiq, oshkora va transparentlik tamoyillari asosida o‘tkazish nafaqat moddiy, ayni paytda protsessual huquq normalari bilan tartibga solingan. Aksariyat bunday qoidalar saylovlarni e’lon qilish, saylov-hududiy okruglar hamda tegishli saylov komissiyalarini tuzish, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, nomzodlar ko‘rsatish va ularni ro‘yxatga olish, saylovoldi tashviqoti, ovoz berish hamda uning natijalarini aniqlash tartib-taomillariga bog‘liqdir. Shuning uchun saylovning mustaqil saylov organlari (saylov komissiyalari) tomonidan o‘tkazilishi eng muhim tamoyil sanaladi.

Ma’lumot uchun, jahonda saylovlarni tashkil qilishning to‘rtta amaliyoti mavjud.

Birinchisi, saylovlar hukumat tomonidan tashkil etiladi. Masalan, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya va AQShda markaziy saylov komissiyalari vazifasini ijro organlari bajaradi. Germaniyada saylovni o‘tkazish bilan Ichki ishlar vazirligi shug‘ullanadi.

Ikkinchisi, saylovlar sud organlari tomonidan o‘tkaziladi. Misol uchun, Pokistonda Markaziy saylov komissiyasi Oliy va boshqa sudlar raislari orasidan saylangan uch nafar sudyadan iborat tarkibda bo‘ladi. Ruminiyada Markaziy saylov komissiyasining yetti kishilik tarkibi Oliy sud a’zolari orasidan qur’a tashlash orqali tayinlanadi.

Uchinchisi, bu ko‘ppartiyaviylik yondashuvi bo‘lib, unda manfaatdor partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga o‘z vakillarini tayinlaydi.

So‘nggi, eng demokratik shakl — mustaqil Markaziy saylov komissiyasini tashkil etishdir.

O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, respublika hududida saylov qonunchiligi ijrosi ustidan nazorat qiladigan, uning bir xilda qo‘llanilishini ta’minlaydigan vakolatli organ O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasidir.

2014 yilning aprel oyida yurtimiz parlamenti tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, shu jumladan, 117-moddaga qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasini shakllantirishning demokratik tizimi, uning faoliyati asosiy tamoyillari konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi, vakillik organlariga saylovni tashkil qilishga mas’ul bo‘lgan butun saylov organlari mustaqilligi kafolatlari kuchaytirildi.

Ma’lumki, saylovlarni kuzatish imkoniyati saylov jarayonining ochiqligini ta’minlashda muhim jihatlardan biridir. Kopengagenda 1990 yilda qabul qilingan YeXHTning majburiyatlarida saylov jarayonining nufuzini oshirishda kuzatuvchilar roli alohida qayd etilgan. Respublikamizning amaldagi saylov qonunchiligida saylovlarning ta’sirchan jamoatchilik va xolis xalqaro kuzatuvini ta’minlash uchun barcha sharoit hamda kafolatlar ko‘zda tutilgan. Kuzatuvchilar instituti saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlashning, barcha saylov ishtirokchilari huquq va erkinliklarini amalga oshirishning, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashning muhim shartlaridan biri sifatida ko‘riladi.

Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida belgilanishicha, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O’zbekiston Respublikasi

Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, matbuot, televideniye va radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar.

Unda kuzatuvchilarning huquqlari ham qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Ular O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, okrug va uchastka saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, saylov uchastkasida hozir bo‘lish hamda tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish, ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomasini tuzishda hozir bo‘lish, saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rash va ularni olish, agar saylov uchastkasida ushbu Qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida yuqori komissiyaga ma’lum qilish huquqlari ana shular jumlasidandir.

Saylov jarayoni ochiqligi, oshkoraligi va transparentligini ta’minlashda aholining muayyan qatlami manfaatlarini ifodalaydigan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari instituti faol ishtirok etadi.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasining imzo varaqalari to‘g‘riligini tekshirish jarayonida qatnashishi mumkin. Vakolatli vakillar institutining joriy etilishi saylovlarning xolisligini va shaffofligini ta’minlashda qo‘shimcha kafolatlar yaratib beradi, saylov jarayonida siyosiy partiyalarning huquqlari amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Haqqoniylik, ochiqlik va oshkoralik, transparentlik saylov jarayonining muhim jihati hisoblanadi. Bu, avvalo, saylov jarayonining barcha ishtirokchisi uchun, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratilgan saylovlardir. Saylov jarayoni haqqoniy va oshkora moliyalashtiriladi, saylov kampaniyasi hisobdorlik hamda shaffoflik tamoyillarini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Saylovchilarga ularning nomzodlar, siyosiy partiyalar haqida xabardorligiga asoslangan holda ongli tanlovni amalga oshirish imkoniyati beriladi.

Butun saylov kampaniyasi ochiqlik asosida olib boriladi.

Fuqarolarning axborot huquqlari o‘ziga xos huquqiy kafolat bo‘lib, uning qaror topishi hamda hayotga joriy qilinishi shaxsning huquqiy himoyalanganlik darajasini oshirishda katta natijaga erishilganidan dalolat beradi.

Demokratik tizimda fuqaro davlatga ta’sir ko‘rsatishning ikkita qonuniy mexanizmiga ega bo‘ladi. Ya’ni saylovda o‘z xohish irodasini bildirish hamda hokimiyatga o‘z fikr va istaklarini ommaviy axborot vositalari orqali yetkazishidir. Aynan to‘laqonli axborot muhitigina demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun asos yaratishi kerak.

Har bir fuqaro saylov jarayonida saylov okrugi va uchastkalari tuzilishi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri hamda ish vaqti, nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlari, ovoz berish va saylov natijalari haqida axborot izlash, olish hamda tarqatish huquqiga ega. O’zbekiston Respublikasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda fuqarolarning saylov huquqi hamda erkinliklarini ta’minlashning huquqiy, tashkiliy, axborot va protsessual kafolatlari yaratilgan. Tegishli saylov komissiyalarining saylov okrug va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalari tarkibi, shuningdek, nomzodlarni ro‘yxatga olish, ovoz berish hamda saylov yakunlari matbuotda e’lon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida namoyish etiladi.

Saylovda xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi siyosiy tadbirning ochiqligi va oshkoraligiga, davlatning xalqaro majburiyatlarni bajarishiga xizmat qiladi. Xalqaro kuzatuvchilar faoliyati xalqaro hujjatlar hamda

O’zbekiston qonunlari bilan tartibga solinadi. Xalqaro kuzatuvchilar davlat hududiga qonunda belgilangan tartibda kirishga ruxsat oladi va tegishli taklifnoma bo‘lgan taqdirdagina Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchiga belgilanadigan namunadagi akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani taqdim etadi. U xalqaro kuzatuvchiga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida kuzatuvni amalga oshirish huquqini beradi.

2015 yil bahorida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasida Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning 43 davlatidan hamda beshta xalqaro tashkilot — Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan 299 nafar kuzatuvchi ishtirok etgani saylovning demokratikligi, ochiqligi va transparentligi dalili hisoblanadi. Saylov jarayoni monitoringida siyosiy partiyalardan 35 ming nafardan ortiq kuzatuvchi qatnashdi.

Manfaatdor shaxslar tomonidan qonunga xilof ravishda natijaga erishish maqsadida saylov qonunchiligini qasddan buzish holatlari O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq jazolanadi.

Saylov huquqining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 147-moddasiga binoan, jinoiy-huquqiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan saylov komissiyalarining qarorlari, xatti-harakatlari hamda ular yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan ariza va shikoyatlar ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan. “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, O’zbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga uning saylov huquqlari sud yo‘li bilan himoya etilishi, saylov komissiyalarining, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kafolatlanadi.

O’zbekiston saylov qonunchiligi xolis baholanar ekan, u saylov huquqining bosh ustuvor maqsad va mohiyatiga — hokimiyatga munosib xalq vakillari saylanishini ta’minlash, xolislik, qonuniylikni, siyosiy partiyalar g‘oya va dasturlarining teng hamda adolatli raqobatini kafolatlashga muvofiqligini alohida qayd etish mumkin.

Yesemurat KANYaZOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori,

Hasan ISLOMXO’JAYEV,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Просмотров: 11026