×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
03:15:50 (GMT +5), shanba, 19 - oktabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


O‘ZBEKISTON VA ISLOM TAMADDUNI

  • MUSTAQILLIK   YILLARIDA   O‘ZBEKISTONDA   ISLOMNING   QAYTA   TIKLANISHI

  • O‘zbekiston - bag‘rikeng diyor

    E’tiqod erkinligi inson ma’naviy dunyosining ajralmas qismi bo‘lib, dinlar ta’limotidagi qarashlar bu masalada umume’tirof etilgan insoniy tamoyillar bilan uyg‘unlashib ketgan.

    Mustaqillikning birinchi kunlaridanoq Vatanimizdagi milliy va umuminsoniy qadriyatlar rivoji tarixida yangi davr boshlandi. Mamlakatimizda boshqa sohalar qatori ijtimoiy va ma’naviy hayotdagi muayyan o‘ringa ega bo‘lgan dinga munosabat tubdan o‘zgardi. Diniy sohaga o‘zbek xalqi milliy ma’naviyatining muhim qismi sifatida alohida e’tibor qaratilib, uning huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatida tutgan o‘rni va mavqei aniq belgilandi.

    Prezident Islom Karimov o‘zining «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida dinga nisbatan munosabatni quyidagicha ifodalagan: «Biz din bundan buyon ham aholining eng oliy ruhiy, axloqiy va ma’naviy qadriyatlardan, tarixiy va madaniy merosdan bahramand bo‘lishi tarafdorimiz».

    Istiqlol yillari diniy sohada mustahkam qonunchilik poydevori yaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasida  «Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar» degan demokratik tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida shunday deyilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

    Ushbu bag‘rikenglik tamoyili 1998-yil 1-may kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunda ham o‘z ifodasini topgan. Bu hujjatda xalqaro normalarga javob beradigan, xalqimiz ruhiga mos keladigan imon-e’tiqod, insof-diyonat, mehr-oqibat kabi eng ezgu fazilatlar o‘z aksini topgan. Ushbu qonun bugungi kunda fuqarolarning diniy ehtiyojlarini qondirish, ularning manfaatlarini himoya qilish uchun xizmat qilmoqda.

    O‘zbekiston hukumati mustaqillikning ilk kunlaridanoq o‘zining dinga munosabatini «Dunyoviylik - daxriylik emas» tamoyili asosida yo‘lga qo‘ydi. Davlatning dinga munosabati «Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi» degan aniq ishonch asosida belgilandi.

    Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan respublika fuqarolarining vijdon erkinligini kafolatlash bo‘yicha barcha zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    O‘zbekistonda turli din vakillarining hech qanday to‘siqlarsiz o‘z dinlariga e’tiqod qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Respublikadagi diniy tashkilotlar mustaqil huquqiy shaxs sifatida yer maydoni va manzilga ega bo‘lishlari, diniy adabiyotlarni nashr etishlari, diniy mutaxassislar tayyorlashlari, turli tadbirlar o‘tkazishlari, muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etishlari mumkin. Shu asosda har bir fuqaro xohlagan dinga emin-erkin e’tiqod qilib, undagi barcha amal va marosimlarni to‘liq bajarmoqda.

    Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining soni 32 millionni takshkil etib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94 foizidan ziyodi islom diniga e’tiqod qiladi, 3,5 foizga yaqin fuqarolar pravoslav diniga mansub bo‘lib, qolganlarini boshqa konfessiya vakillari tashkil etadi.

    Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian tashkilotlar, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va budda ibodatxonasi mavjuddir. Bundan tashqari, respublikada konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 7-mart kunidagi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita har bir shaxsning vijdon va diniy e’tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar tengligini ta’minlash, shuningdek, diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

    Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, tariximizning og‘ir sinovli damlarida ham diniy asosda mojarolarning chiqmaganligi xalqimizning dinlararo bag‘rikenglik borasida ulkan tajribaga ega ekanligidan dalolat beradi.

    Mamlakatimiz tarixan ko‘p millatli o‘lka, bu zaminda turli tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi boshqa jamoat tashkilotlari qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

    O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi siyosiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda tamoman yangi davrni boshlab berdi. Xalqimizning ko‘p asrlik madaniyati tarixini o‘rganish mustaqillik madaniyati, ma’naviyatini va yangi tafakkurni shakllantirishda moziydan ko‘p saboqlar olish mumkinligini va bu saboqlar kelajak avlod uchun shubhasiz foydali ekanligini ko‘rsatadi.

    Allomalarimiz merosi O‘rta Osiyoda qadimdan ilm-fan, madaniyatning barcha tarmoqlari rivojlangani, ularning ijodlari ko‘pqirrali bo‘lganligi, shuningdek, ularning faoliyatlarida ilm-fan bilan bir qatorda din, axloq-odob, insonning ma’naviy dunyosi masalalari muhim o‘rin tutganligidan dalolat beradi.

    Haqiqatdan ham milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, milliy his-tuyg‘u va iftixorni rivojlantirishga samarali ta’sir etadi. Masalan, yoshlar o‘z bobokalonlarining ilmiy, adabiy meroslarini qanchalik yaxshi bilsalar, bulardan ma’naviy, ayniqsa, ilmiy ozuqa olish bilan birga, ular bilan faxrlanadilar, ularga taqlid qiladilar.

    Milliy va diniy qadriyatlarning hayotimizda muhim o‘rin tutishi, tarixiy xotiramizni tiklab, o‘zligimizni anglashimizda, yangi jamiyat qurishda muhim kuch-qudrat manbai ekani Yurtboshimizning quyidagi purma’no fikrlarida yaqqol o‘z ifodasini topgan: «... biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan  ayri holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz».

    Istiqlol tufayli islom madaniyatiga mansub bo‘lgan ming yillik tarixga ega, o‘tmish qa’ridan olamga nur taratib kelgan muqaddas obidalar, masjid va madrasalar mo‘min-musulmonlarga qaytarib berildi. Ajdodlarimizdan qolgan tarixiy meroslarimiz qayta tiklandi, ularning ilmiy asarlari yosh avlod tomonidan keng o‘rganila boshlandi. Bularning samarasi o‘laroq, xalqimizning diniy ilmlarga bo‘lgan tashnaligini qondirish maqsadida ko‘plab diniy-ma’rifiy adabiyotlar nashr etildi. Xususan, Qur’oni karim va hadislar to‘plami o‘zbek tiliga tarjima qilindi, ulamolarimiz tomonidan tafsir va islom huquqshunosligiga oid qator kitoblar chop etildi.

    Islom dini barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy va ahloqiy yuksaklikka da’vat etish bilan bir qatorda, uni yomonliklardan, qabih amallardan qaytarish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shu sababli ham  jamiyatimizning milliy, madaniy-ma’rifiy asoslarining tashkiliy bo‘g‘inlaridan biri sanalgan islom dini hozirgi ma’naviy-axloqiy yuksalishimizning manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Bugungi yuksak ma’naviy hayotimizni barpo etish uchun milliy va diniy qadriyatlarimizga to‘g‘ri munosabatda bo‘lganimizning ahamiyatli jihatlaridan biri yana shundaki, istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab tarixiy obidalarimizni qayta tiklash, qadimiy va boy merosimizni har tomonlama asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazish haqida qayg‘urdik, buning uchun astoydil harakat qildik.

    Bu masalaga Yurtboshimizning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitobida alohida e’tibor berilib, quyidagi fikrlar bildirilgan: «Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi».

    Ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash borasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Xiva, Andijon, Farg‘ona, Shahrisabz va Qarshi kabi shaharlardagi tarixiy yodgorliklarni tiklash yoki qayta ta’mirlashga katta ahamiyat berildi. Buyuk allomalarimizning ziyoratgohlari tiklanib, ularning ilmiy meroslari o‘rganilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Zamaxshariy, Abduxoliq G’ijduvoniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Hoja Ahror Valiy kabi allomalarimiz nomlari bilan bog‘liq qadamjolar, «Shohi Zinda», «Ko‘kgumbaz» majmualari, masjid va madrasalar obodonlashtirildi.

    Minglab barcha zamonaviy qulayliklarga ega va muhtasham masjidlar qurildi. Jumladan, 2014-yilda Toshkent shahrida mintaqada o‘ziga xos jihatlari bilan yagona bo‘lgan «Minor» masjidi ishga tushdi.

    Mustaqillik yillarida diniy ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor berildi. Ilgari diniy ta’lim tizimida faqat Buxorodagi «Mir Arab» madrasasi va Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi islom instituti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda yana «Ko‘kaldosh», «Xadichai Kubro», «Mulla Qirg‘iz», «Sayyid Muhyiddin maxdum», «Jo‘ybori Kalon», «Faxriddin ar-Roziy», «Muhammad al-Beruniy» va «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom bilim yurtlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ulardagi ta’lim davlat standartiga to‘liq moslashtirildi. Mazkur islom bilim yurtlarida bilim olayotgan farzandlarimiz diniy va dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda turli kasb-hunarlarni ham o‘rganmoqdalar.

    Respublikada faoliyat yuritayotgan pravoslav va protestant seminariyalarida nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki qo‘shni mamlakatlar vakillari ham tahsil olmoqdalar.

    2003-yil 22-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim ishlarini va faoliyatni yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko‘mak va imtiyozlar berish to‘g‘risida»gi 364-qarori qabul qilingan. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi islom o‘quv muassasalari bitiruvchilariga beriladigan diplomlar davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etildi. Respublikadagi madaniy meros obyektlari sifatida ro‘yxatga olingan bir qator ziyoratgohlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga berildi. Diniy tashkilotlarga qulaylik yaratish yo‘lida kommunal xizmat uchun olinadigan to‘lovlar jismoniy shaxslardan olinadigan miqdorda belgilab qo‘yildi.

    Ajdodlarimiz bebaho merosini mukammal o‘rganish va diniy sohada oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash maqsadida Prezidentimizning farmonlari bilan 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Toshkent islom universiteti ochildi. Unda bugungi yosh avlodga ulkan va boy madaniyatimizning uzviy masalalari bo‘lmish islom nazariyasi, tarixi, falsafasi, huquqshunosligi, madaniyati va axloqi, tabiiy fanlar chuqur o‘rgatilmoqda. Bu ilm maskani xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga, tarixi ming yildan ko‘hnaroq islomiy merosni yanada teranroq o‘rganish, dinimiz ravnaqi, uning taraqqiyotiga xizmat qiladigan, diniy va dunyoviy zamonaviy bilimlarni puxta egallagan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.

    Universitet qoshidagi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazida diniy sohada fundamental va zamonaviy yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga yana bir misol tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2007-yil 20-fevralda imzolangan «Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Qarorni keltirish mumkin.

    Ushbu qarorda «Hazrati Imom» majmuasining tariximiz, ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati inobatga olinib, uning asl tarixiy qiyofasini tiklash, bu yerda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, majmuaning infratuzilmasini har tomonlama rivojlantirish kun tartibiga qo‘yildi va bu savobli ishlarga tezkorlik, kuch-g‘ayrat bilan kirishildi va qisqa muddatlarda mahobatli majmua barpo etildi. Bu jarayonda obidalarni nafaqat qayta tiklash va ta’mirlash, ayni vaqtda ularning yon atrofidagi o‘ziga xos tabiiy muhitni asl holida saqlab qolish kabi masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratildi.

    Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti bo‘lmish AYSYeSKO tomonidan 2007-yilda Toshkent shahriga «Islom madaniyati poytaxti» degan maqomning berilishi mamlakatimiz hayotidagi ulkan madaniy-ma’naviy voqea bo‘ldi. «Sharq darvozasi» deb nom olgan azim poytaxtimizning ana shunday yuksak maqomga erishgani nafaqat xalqimizga, ayni vaqtda yaqin va uzoqdagi do‘stlarimizga ham g‘urur va iftixor bag‘ishladi.

    Prezident Islom Karimovning Toshkent shahriga «Islom madaniyati poytaxti» maqomi berilishi munosabati bilan «Bugun biz guvoh bo‘lib turgan yuksak e’tirof, avvalo, asrlar mobaynida dunyoviy va diniy ilmlar sohasida qanday buyuk kashfiyotlar yaratgan, buning uchun qancha zahmat va mashaqqatlar chekkan ajdodlarimizning tabarruk nomlari va qoldirgan merosiga, o‘zbek xalqining islom madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga berilgan munosib baho desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz», degan fikrlari yuqoridagi e’tirofning yorqin tasdig‘idir.

    O‘zbekiston islom madaniyati va falsafasi shakllangan hamda rivojlangan markazlardan biri sifatida yana bir bor tan olindi. O‘zbekiston rahbariyati bebaho ma’naviy merosimizni tiklash, o‘rganish va asrab-avaylashga qaratilgan siyosatni izchil olib borayotganini butun dunyo e’tirof etmoqda. Biz nomlari butun musulmon olamida chuqur ehtirom bilan tilga olinayotgan buyuk ulamolar va faylasuflar ona Vatanimizda yashab ijod etganidan haqli ravishda faxrlanamiz. Shu faxr tuyg‘usini, ayniqsa, yosh avlod ongi va qalbiga chuqur singdirishimiz lozim, toki ular o‘zlarining buyuk ajdodlari bilan iftixor qilsinlar, ulardek yetuk bo‘lsinlar. Bularning bari millatning o‘zligini anglashida va porloq kelajak sari yetaklashda muhim ahamiyatga egadir.

    O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li jahon hamjamiyati nigohida kundan-kunga e’tibor qozonib bormoqda. Jamiyatimizning ma’naviy yangilanish jarayonida xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy va diniy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Imom Buxoriy hazratlarining hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, uni mamlakatimizda va xorijiy yurtlarda keng ko‘lamda targ‘ib qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 23-maydagi PQ-875-sonli Qaroriga binoan Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil etildi. Hozirgi vaqtga qadar Markazning malaka oshirish o‘quvlarida respublikadagi masjidlarning barcha imom-xatiblari ham diniy, ham dunyoviy ilmlar bo‘yicha o‘z malakalarini oshirib, bugunda doimiy ish joylarida amaliy faoliyatlarini samarali davom ettirmoqdalar.

    Fuqarolarning haj va umra safarlarini tashkil etish ishlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida 2006-yilning avgust oyida Prezident Islom Karimovning Farmoniga asosan «haj» va «umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuzilgan. Davlat Rahbarining 2008-yil 20-may kunidagi qarori asosida esa «haj» va «umra» ziyoratlarini amalga oshiruvchi fuqarolarga davlat tomonidan zarur yordam ko‘rsatish maqsadida Jidda shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tarkibiga «haj» ishlari bo‘yicha attashe lavozimi kiritilgan.

    2016-yilga qadar 110 mingdan ziyod fuqaro «Haj» amallarini, 90 mingdan ziyodi esa «umra» ziyoratini ado etdilar. Minglab xristian va yahudiy dinlariga mansub fuqarolar Rossiya, Isroil, Gretsiya kabi mamlakatlarda joylashgan muqaddas qadamjolarga ziyoratga borib keldilar.

    O‘zbekiston Respublikasida diniy sohada olib borilayotgan davlat siyosati BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabr kuni qabul qilingan «Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi» moddalari va ruhiga hamoxangdir. O‘zbekiston vijdon erkinligini ta’minlash borasida o‘z zimmasiga olgan barcha xalqaro shartnomalarni to‘la-to‘kis bajarib kelmoqda. 2014-yilga qadar O‘zbekiston tomonidan Birlashgan millatlar tashkilotining shartnomalar bo‘yicha organlariga mazkur sohaga oid asosiy oltita xalqaro shartnoma bo‘yicha o‘ttizdan ziyod milliy ma’ruza (hisobot) taqdim etgan.

    Istiqlol davrida Qur’oni karim, hadislar to‘plamlari, Bibliya tarkibidagi Yangi ahd va Qadimiy ahdning ba’zi qismlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ommaviy adadda chop etildi. O‘zbekiston jahonda Misr va Tunisdan so‘ng ko‘zi ojizlar uchun maxsus Brayl yozuvida Qur’onni nashr qilgan uchinchi mamlakat hisoblanadi.

    Bibliya jamiyati xristian diniga taalluqli turli tillardagi diniy adabiyotlarni respublikaga olib kirish, nashr etish va tarqatish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda.

    Xristianlarning Pasxa va Rojdestvo bayramlari, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari ko‘tarinki ruhda tantana etilmoqda. Turli konfessiya yetakchilarining diniy bayram kunlari bir-birlarini tabriklab, tadbirlarda ishtirok etishlari an’anaga aylangan.

    Toshkent islom universitetida har yili noyabr oyida turli konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirokida «16 noyabr - Xalqaro bag‘rikenglik kuni»ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish yaxshi va ibratli an’anaga aylandi.

    Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy jihatdan barqaror, umuminsoniy qadriyatlar ustuvor bo‘lgan, ma’naviy meros va diniy qadriyatlarni tiklab, inson huquqlarini ustuvor soha darajasiga ko‘tara olgan mamlakatdir. «Bu muqaddas Vatanda azizdir inson» degan g‘oyat teran va purma’no so‘zlarda, eng avvalo, inson, uning qadr-qimmati va jamiyatdagi mavqei ulug‘langan.

    «Biz insonni aziz va mukarram qilib yaratdik» degan Yaratganning oyati karimasining mazmun-mohiyatiga har jihatdan hamohang bo‘lgan mazkur so‘zlarda tom ma’nodagi diniy bag‘rikenglik g‘oyalari aks etadi. Bu esa O‘zbekistonda har bir insonga uning dini, millati, irqi, nasl-nasabidan qat’iy nazar, o‘z imkoniyatlarini to‘la-to‘kis namoyon etish uchun barcha huquqiy kafolatlar va shart-sharoitlar muhayyo etilganidan dalolat beruvchi yorqin dalildir.