×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
01:46:03 (GMT +5), yakshanba, 21 - yanvar 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


O‘zbekiston Respublikasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan hamkorligi

O‘zbekiston-Avstraliya munosabatlari

O‘zbekiston Respublikasi va Avstraliya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1991-yil 26-dekabrda o‘rnatilgan.

Birinchi rasmiy aloqalar 1991-yil 17-18- noyabrda Avstraliya Tashqi ishlar va savdo vaziri G.Evansning O‘zbekistonga tashrifidan boshlangan.

2013-yil 5-dekabrda Avstraliyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) P.Mayler O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar Vaziri A.Kamilovga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi.

Tomonlarning o‘zaro munosabatlarni jadallashtirishida ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida olib borilayotgan siyosiy maslahatlashuvlar katta turtki bo‘lmoqda. Ularning so‘nggisi, 2012-yilning aprelida Toshkentda o‘tkazildi (2009-yil 30-mart, Kanberra)

Davlat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari 2014-yil yakuni bo‘yicha $3,8 mln.ni tashkil qilgan.

O‘zbekistonda Avstraliyalik investorlar ishtirokida 6ta korxona faoliyat ko‘rsatayapti. Shulardan 3 qo‘shma korxona va 3 tasi 100% xorijiy sarmoya ishtirokida faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston-Vetnam munosabatlari

Vetnam Sotsialistik Respublikasi (VSR) Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan oldi, 1992-yil 17-yanvarda diplomatik aloqalar oʻrnatildi. 1993-yil Toshkentda Vetnam elchixonasi ochildi, 2009-yildan buyon Xanoyda Oʻzbekiston Respublikasining faxriy konsulxonasi faoliyat yuritib kelmoqda.

1996-yil Oʻzbekiston Prezidenti I.A.Karimov rasmiy tashrif bilan Vetnamda bo‘ldi. Tashrif davomida davlatlararo munosabatlar asoslari, hamkorlik toʻgʻrisida Kelishuv va hukumatlararo bitimlar imzolandi. Ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy negizini 13 ta hukumatlararo hujjat tashkil etadi.

2010-yilda Oʻzbekistonning Indoneziyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oʻzbekiston Respublikasining VSRdagi elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Jakarta shahrida).

2011-yil oktabr oyida Vetnam Bosh vaziri Nguen Tang Zungning Oʻzbekitonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Vetnam bilan koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistonga VSR Xalq yigʻini raisi oʻrinbosari Uong Tu Liuning (2008-yil iyul), VSR Bosh vaziri oʻrinbosari Xoang Chung Xayning (2010-yil aprel), Jamoat xavfsizligi vaziri Le Xong Anning (2010-yil sentabr), Xanoy shahri Xalq kengashi raisi Ngo Txi Zoan Txanning (2012-yil avgust), Bosh prokuror oʻrinbosari Chan Kong Fanning (2012-yil dekabr), Adliya vaziri oʻrinbosari Din Chung Tungning (2013-yil iyun), Oliy xalq sudi raisi Chiong Xoa Binning (2014-yil iyun) tashriflari tashkillashtirildi.

2013-yil avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyasining Vetnamga tashrifi bo‘lib o‘tdi.

2014-yilning mart oyida Xanoy shahrida Oʻzbekiston va Vetnam Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning toʻrtinchi davrasi. boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston va Vetnam oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaning 6ta yigʻilishi oʻtkazilgan. Shularning eng oxirgisi 2013-yil dekabr oyida Xanoy shahrida boʻlib oʻtdi.

Davlat statistika qoʻmitasi bergan ma’lumotga koʻra davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi koʻrsatkichlari 2014-yil yakuni boʻyicha $23,9 mln.ni tashkil qilgan. Oʻzbekistonda hozirgi kunda Vetnam sarmoyasi ishtirokida 21 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 3 tasi 100 foiz Vetnam sarmoyasi asosida tashkil etilgan.

Madaniy va gumanitar sohadagi hamkorlik doirasida imzolangan kelishuvlar amaliyoti yuzasidan 1995-yilning dekabridan boshlab “Oʻzbekiston – Vetnam” va “Vetnam – Oʻzbekiston” Doʻstlik jamiyatlari faoliyat olib borishmoqda.

Oʻzbekiston-Indoneziya munosabatlari

Indoneziya 1991-yil 28-dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini tan oldi, va 1992-yil 23-iyunda diplomatik aloqalar oʻrnatildi.

Indoneziya oʻzining Toshkentdagi elchixonasini 1994-yil may oyida ochdi. 1996-yilning dekabr oyidan e’tiboran Jakarta shahrida Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasi faoliyat yuritib kelmoqda.

1992-yil iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Indoneziyaga davlat tashrifi amalga oshirildi, 1995-yil aprel oyida Indoneziya Respublikasi Prezidenti X.M.Suxarto Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.

2005-yil dekabr oyida Toshkentda “Oʻzbekiston va Indoneziya Tashqi ishlari vazirliklari oʻrtasida ikki tomonlama maslahatlashuv bo‘yicha qoʻmita tashkil etish toʻgʻrisida oʻzaro Anglashuv Memorandumi” imzolandi hamda siyosiy maslahatlashuvning birinchi davrasi boʻlib oʻtdi. Hozirgi kunga qadar uning 6 davra uchrashuvlari oʻtkazilgan. (oxirgisi 2014-yil martda Jakartada boʻlib oʻtdi.)

Parlamentlararo aloqa turli darajadagi tashriflar almashinuvi orqali izchil tarzda rivojlanib bormoqda. Shu jumladan 2007-yilda Indoneziya Xalq Vakillari palatasi Spikeri Agung Laksono Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. 2008-yilda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri muovini Indoneziyaga safar uyushtirdi.

2013-yilda Indoneziya Xalq Vakillari palatasi Parlamentlararo hamkorlik qoʻmitasi Raisi S.Hidoyat O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

2015-yil aprel va may oylarida Indoneziya Respublikasi Milliy Konsultativ kongresi raisining oʻrinbosari Mahyudin hamda Indoneziya Respublikasi Mintaqalar vakillari kengashi Parlament yuqori palatasi raisi Irman Gusmanning Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasining ma’lumotiga koʻra davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi koʻrsatkichlari 2014-yil yakuni boʻyicha $13,6 mln.ni tashkil qilgan.

Mamlakat xalqlari oʻrtasida doʻstlik rishtalari, hamkorlik aloqalari, hamda madaniy va ma’rifiy sohadagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadida 2002-yil sentabr oyida “Oʻzbekiston-Indoneziya” doʻstlik jamiyati ta’sis etildi.

1997-yil sentabr oyida Samarqand va Banda-Achex shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida bayonnoma imzolandi.

2001-yildan e’tiboran Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshida indoneziya tilini oʻrgatish boʻyicha markaz faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu markazda har yili 20 dan ortiq talabalar tahsil oladi. Samarqand Davlat chet tillar institutida indoneziya tili va madaniyati sinfi tashkil etilib, unda indoneziya tili dars sifatida oʻtilmoqda.

2013-yilda Toshkent Davlat Sharqshunoslik Institutida qoshida Indoneziya tili markazi ochildi.

Oʻzbekiston-Malayziya munosabatlari

Malayziya Oʻzbekiston mustaqilligini 1992-yil 1-yanvar kuni tan olgan. Ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 21-fevralda oʻrnatilgan.

Ikki tomonlama doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishda tamal toshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yilgi va Malayziya Bosh vaziri Moxatxir Moxammadning 1993-yilgi rasmiy tashriflari chogida qoʻyildi. 2003-yil esa Oʻzbekistonga Malayziya qiroli Tuanku Sayyod Sirajuddin Jamalullayl tashrif buyurdi.

Ikki tomonlama munosabatlardagi soʻnggi muhim yangiliklar sifatida Oʻzbekiston davlat Rahbarining 2005-yil oktabr oyidagi Malayziyaga va unga javoban 2008-yil noyabrda ushbu davlat Bosh vaziri Ahmad Badavining Oʻzbekistonga davlat tashriflari qayd etildi va bu tadbirlar chogʻida oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarida bir necha hukumatlararo shartnomalar imzolangan.

Parlamentlararo aloqa turli darajadagi tashriflar almashinuvi orqali izchil tarzda rivojlanib bormoqda. Shu jumladan 2006-2009-yillarda Oʻzbekistonga Malayziya parlamenti vakillar palatasi spikerlari Ramli Bin Ngah Talib va Pandikar Amin Xadji Mulialar tashrif buyurishdi, shuningdek, Malayziya parlamenti vakillar palatasi spikeri oʻrinbosari Datuk Van Junaydi Tuanku Jaafarning tashrifi amalga oshirildi.

2010-yilning aprelida esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri D.Tashmuhamedovaning Malayziyaga javob safari uyushtirildi.

2013-yil fevral oyida Malayziya Parlamenti Senati Raisi Tan Sri Abu Zahar Ujangning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi I.Sabirov Malayziyaga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Malayziya parlamenti vakillar palatasi spikeri Pandikar Mulia bilan uchrashdi. 2013-yilning 17-21-oktabrida esa Malayziya Parlamenti Senati Raisi Tan Sri Abu Zahar Ujangning Oʻzbekistonga javob safari oʻtkazildi. Tashrif chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasida uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

2014-yil 5-7-mayda Malayziya Bosh vaziri oʻrinbosari, Malayziya ta’lim vaziri Muxiddin bin Hoji Muxammad Yassin Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif chogʻida Malayziya Hukumati Raisi oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev, Bosh vazir oʻrinbosari A.Ikramov, Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri A.Vaxabov bilan uchrashdi.

Tomonlarning o‘zaro munosabatlarni jadallashtirishda ikki davlat tashqi siyosiy faoliyat idoralari oʻrtasida olib borilayotgan siyosiy maslahatlashuvlar katta turtki boʻlmoqda. Ularning so‘nggisi 2012-yilning noyabrida Toshkentda oʻtkazilgan.

Davlat statistika qoʻmitasi bergan ma’lumotga koʻra davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi koʻrsatkichlari 2014-yil yakuni bo‘yicha $78,3 mln.ni tashkil qilgan (eksport-$5,1mln., import-$73,2 mln.).

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda 2005-yilda tashkil qilingan oʻzbek-malayziya savdo qoʻmitasi katta rol oʻynamoqda. Qoʻmitaning ikkinchi yigʻilishi 2009-yilning 20-oktabrida Toshkentda oʻtkazildi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Malayziya investitsiyasi ishtirokida 22 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan beshtasi iqtisod, neft-gaz sohasi, toʻqimachilik, mebel, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, moliya xizmatlarini taqdim etish va boshqa yoʻnalishlarda 100% Malayziya kapitali ishtirokida faoliyat koʻrsatmoqda.

Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTHD) doirasida tashkil etilayotgan qisqa muddatli oʻquv kurslarida respublika vazirlik va tashkilotlari vakillari doimiy tarzda ishtirok etib kelishmoqda. 2013-yilning sentabr oyiga qadar boʻlgan davr oraligʻida 500ga yaqin oʻzbek mutaxassislari MTHD seminarlarda ta’lim olishdi.

Ikki davlat ilm-fan va madaniyat jamoatchiligi oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida 1998-yil Toshkentda “Oʻzbekiston-Malayziya” Doʻstlik jamiyati tashkil etildi.

2015-yil 23-27-aprel kunlari, madaniyat va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish doirasida Malayziya Madaniyat va turizm vaziri Dato Seri Mohammed Nazri bin Abdul Aziz O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Oʻzbekiston-Singapur munosabatlari

Singapur Respublikasi Oʻzbekiston mustaqilligini 1992-yilda tan olgan va 1997-yil 8-aprelda diplomatik aloqa oʻrnatgan.

2007-yildan Singapurda Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi faoliyat olib bormoqda.

Ikki tomonlama doʻstona munosabatlar va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda tamal toshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2007-yil 24-26-yanvar kunlari Singapurga qilgan davlat tashrifi chogʻida qoʻyildi.

2009-yil aprelida Singapur Parlamenti Spikeri A.Tarmugi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif chogʻida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senati hamda Tashqi ishlar vazirligida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Tomonlarning oʻzaro munosabatlarni jadallashtirishda ikki davlat tashqi siyosiy faoliyat idoralari oʻrtasida olib borilayotgan siyosiy maslahatlashuvlar katta turtki boʻlmoqda. Ularning soʻnggisi, 2012-yilning aprelida Singapur Tashqi ishlar Davlat vaziri Masagos Zulkiflining Oʻzbekistonga tashrifi davomida oʻtkazildi.

2013-yilning 24-27-oktabr kunlari Singapur Tashqi ishlar ikkinchi vaziri va Tabiatni muxofaza qilish, suv resurslari ikkinchi vaziri Greys Funing Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Davlat statistika qoʻmitasi bergan ma’lumotga koʻra, davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi koʻrsatkichlari 2014-yil yakuni boʻyicha $80,1 mln.ni tashkil qilgan (eksport-$61,2mln., import-$18,9mln.).

Oʻzbekistonda 25 ta Singapur sarmoyasi ishtirokida qoʻshma korxonalar elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, ta’lim, savdo hamda mashinasozlik sohalarida faoliyat olib borishmoqda.

2007-yildan boshlab, har yili Oʻzbekiston va Singapurda, Singapur Biznes Federatsiyasi bilan hamkorlikda qoʻshma biznes forumlar oʻtkazib kelinmoqda.

2008-yildan boshlab Toshkentda Singapur Menejmentni rivojlanish Instituti (MDIS) faoliyat yuritib kelmoqda. MDIS Singapur Menejmentni rivojlanish Instituti va Oʻzbekiston banklari assosiatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan oliy oʻquv muassasi boʻlib, unda «Bank ishi», «Biznes boshqaruvi», «Turizm» va «Biznesda zamonaviy ITlar» yo‘nalishlari bo‘yicha darslar oʻtilmoqda.

Singapur texnik hamkorlik dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari vakillari turli qisqa muddatli kurslarda qatnashib kelishmoqda.

O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari

Siyosiy soha

Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 28-dekabrida tan oldi. 1992-yil 26-yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov Yaponiyaga 3 marotaba tashrif buyurgan (1994-, 2002- va 2011-yillarda). 2006-yilning avgustida Yaponiya Bosh vaziri Junichiro Koidzumi O‘zbekistonga keldi.

1994-yil 17-mayda imzolangan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi qo‘shma bayonot va 2002-yil 29-iyulda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot o‘zaro hamkorlikning huquqiy asosini ta’minlovchi asosiy hujjatlar bo‘ldi.

2010- va 2014-yillarning may oyida O‘zbekistonga Yaponiya Bosh vaziri o‘rinbosarlari, moliya vazirlari N.Kan hamda T.Aso tashrif buyurishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2011-yil 8-10-fevralda Yaponiyaga rasmiy tashrifi paytida 22 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

«Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi» va «Yaponiya demokratik partiyasi - O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik ligalarining turli forumlar o‘tkazishi orqali parlament aloqalari rivojlanib bormoqda.

2002-yildan boshlab ikki davlatning Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. 2015-yilning fevralida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi uchrashuvi Toshkent shahrida o‘tkazildi.

O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan turli vazifalarni hal etish bo‘yicha hamkorlik olib bormoqda va jahon siyosatining ko‘plab muammolari yuzasidan o‘zaro yaqin qarashlarga ega. O‘zbekiston Yaponiyaning BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari safiga kirishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mintaqa bilan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida 2004-yilda Tokio tashabbusi bilan tashkil etilgan «Markaziy Osiyo+Yaponiya» Dialogi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. 2010-yil 7-avgustda Toshkentda Dialog doirasida Tashqi ishlar vazirlarining 3-kengashi o‘tkazildi. Unda Yaponiya tashqi ishlar vaziri K.Okada ishtirok etdi. 2014-yil 16-iyulda Bishkek shahrida Dialog doirasida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlarining 5-kengashida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Iqtisodiy soha

1994-yilda tashkil qilingan O‘zbek-Yapon va Yapon-O‘zbek iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari savdo va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda muhim o‘ringa ega. Ushbu qo‘mitalarning 12-qo‘shma yig‘ilishi 2015-yil 27-yanvarda Tokio shahrida o‘tkazildi.

2008-yilning avgustida «Investitsiyalarni erkinlashtirish, himoya qilish va rag‘batlantirish» to‘g‘risida Hukumatlararo shartnoma imzolanib, 2009-yil 24-sentabrda kuchga kirdi.

O‘zbekistonda yapon sarmoyasi ishtirokidagi 10 ta qo‘shma korxona mavjud bo‘lib, shundan bittasi 100 foiz yapon sarmoyasi ishtirokida tuzilgan. 11 ta yapon kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiyaga ega.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi rivojlanib bormoqda. 2014-yil natijasiga ko‘ra, o‘zaro tovar aylanmasi 189,5 million AQSh dollariga teng bo‘ldi.

Yaponiyaning O‘zbekistonga ko‘rsatgan moliya-texnikaviy yordami 3,4 milliard AQSh dollaridan oshdi. Ushbu yordam tufayli O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, maorif, energetika, transport, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda qator ijtimoiy ahamiyatli va infratuzilma loyihalari amalga oshirildi.

1999-yildan boshlab O‘zbekistonda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) ning mintaqaviy vakolatxonalari, hamda O‘zbek-Yapon markazi faoliyat k‘rsatmoqda.

Madaniy-gumanitar soha

Ushbu sohadagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonning janubiy hududida ilk buddizm yodgorliklarini o‘rganishda taniqli yapon olimi, arxeolog K.Kato katta hissa qo‘shdi. O‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissalari uchun K.Kato, O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi sobiq birinchi prorektori T.Kitamura va Vaseda universitetining rektori T.Okushima «Do‘stlik» ordenlari bilan taqdirlandilar.

2002-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovga Vaseda va Soka universitetlarining «Faxriy doktori» unvoni berildi. 2004-yilda Tokiodagi Soka universiteti hududida buyuk o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiyga haykal o‘rnatildi.

2000-yildan buyon Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi (JICE) ning Toshkentdagi ofisi bilan hamkorlikda inson resurslarini rivojlantirish loyihasi asosida 265 o‘zbek talabalari Yaponiyada ta’lim oldi.

O‘zbekistonning 2000 dan ziyod mutaxassisi JICA yo‘nalishi bilan Yaponiyada amaliyot o‘tadi. O‘zbek-Yapon markazi kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ushbu markazga 700 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.

1999-yilda «O‘zbekiston-Yaponiya» do‘stlik jamiyatiga asos solindi. Uning asosiy hamkorlari «Yaponiya-O‘zbekiston» do‘stlik jamiyati va «Fukushima-O‘zbekiston» madaniy-iqtisodiy hamkorlik uyushmasi hisoblanadi. 2002-yili «Ikuo Xirayama мadaniyat karvonsaroyi» nomli o‘zbek-yapon ilmiy-ijodiy markazi ochildi.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari

Siyosiy jabhada

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. 1992-yil 2-yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.

Ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarning barcha jabhalarini qamrab olgan bo‘lib, do‘stona va o‘zaro manfaatdorlik ruhida olib borilmoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonchli aloqalar hamkorlikning asosini tashkil etadi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni olib borishda tomonlarning terrorizm, ekstremizm, separatizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi va xavfsizlikning boshqa tahdidlari bo‘yicha qarashlarning mushtarakligi va yaqingligi muhim o‘rin egallaydi.

Doimiy tarzda ikki davlat rahbarlarining tashriflari va uchrashuvlari o‘tkazilib kelinmoqda. 1992-, 1994-, 1999-, 2005-, 2011-, 2012- va 2014-yillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Xitoyga tashrif qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2001- va 2006-yillarda Shanxay shahriga hamda 2012-yil Pekin shahriga ShHT sammitlarida ishtirok etish uchun, shuningdek 2008-yil Pekin shaharlariga 29-yozgi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.

2014-yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashning Shanxay shahrida o‘tkazilgan IV sammiti yig‘ilishidagi ishtiroki davomida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Javob tashriflari sifatida Xitoy Xalq Respublikasi raislaridan Szyan Szemin (1996-yil), Xu Szintao (2004-yil, 2010-yil), Si Szinpin (2013-yil). O‘zbekistonga tashrif buyurishgan.

2011-yil 19-20-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Xitoyga uyushtirilgan tashrifi chog‘ida tomonlar o‘rtasida davlatlararo va idoralararo hamkorlikka doir qator hujjatlar imzolangan. Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi” Bitim ikki tomonlama hamkorlikning istiqboldagi rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida hukumatlararo O‘zbekiston-Xitoy hamkorlik qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi va uning I yig‘ilishi 2011-yilning 26-27-oktabr kunlari Pekin shahrida, II yig‘ilishi 2013-yil 30-oktabrda Toshkent shahrida o‘tkazildi. Qo‘mita doirasida hamkorlikning turli sohalari bo‘yicha 7 ta kichik qo‘mitalar shakllantirildi.

O‘zbek-xitoy munosabatlari rivojining muhim bosqichi bo‘lib 2012-yil 5-7-iyun kunlari Xitoyga amalga oshirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning rasmiy tashrifi xizmat qildi va tomonlar O‘zbekiston va Xitoy strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma Deklaratsiyani, umumiy qiymati 5,3 milliard AQSh dollariga teng 45 bitim va shartnomalarni imzolashdi.

2013-yil 8-10-sentabr kunlari XXR raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga uyushtirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabalarning rivojidagi tarixiy voqea bo‘ldi. Tomonlar Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Si Szinpinning O‘zbekistonga ilk tashrifi chog‘ida jami qiymati 15 milliard AQSh dollariga teng 31 ta hujjat imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2014-yil 19-20-avgust kunlari XXRga qilgan davlat tashrifi o‘zbek-xitoy munosabatlari rivojining muhim bosqichi bo‘ldi va tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2014-2018-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish Dasturi qabul qilindi.

2013-yil 28-29-noyabr kunlari O‘zbekistonga uyushtirilgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyannning rasmiy tashrifi davomida tomonlar o‘rtasida idoralararo, investitsion va madaniy aloqalarni mustahkamlashga doir 7 ta hujjat imzolandi.

2004-2014-yillar oralig‘ida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 12 ta davrasi va ShHT doirasida hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.

Iqtisodiy jabhada

O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash, keng savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishni o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘radi.

1992-yil imzolangan Savdo-iqtisodiy bitimga ko‘ra ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan. Xitoy O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida eng yuqori o‘rinlardan birini egallaydi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yil yakunlariga bo‘yicha ikki tomonlama tovar ayirboshlash $4,75 mlrd. yetgan bo‘lsa, shundan $2,36 mlrd. eksportni va $2,39 mlrd.ni import tashkil etgan.

Ikki tomonlama sarmoyaviy sheriklik 2010-yil imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va XXR Hukumatlari o‘rtasida noxomashyo va yuqori texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Bugun O‘zbekiston va Xitoy turli loyihalar, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni hayotga tatbiq etish borasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Shu jumladan O‘zbekiston 2011-yilda XXR rahbariyati tomonidan ilgari surilgan Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi O‘zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parkini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

2013-yilning mart oyida ushbu park “Jizzax” maxsus industrial zonasi sifatida tashkil etildi va u Sirdaryo viloyatida o‘z filialiga ega bo‘ladi .

Bir qator Xitoy kompaniyalari respublikamiz hududida uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston «O‘zbekiston-Xitoy» gaz quvuri va «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Moliyaviy sohadagi hamkorlik, xususan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki bilan aloqalar faol rivojlanmoqda.

Respublikamizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 540 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 80 tasi 100 foiz Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Mamlakatimizda Xitoyning 73 kompaniyasi vakolatxonalari ishlab turibdi.

Madaniy-gumanitar jabhada

Ta’lim sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda, idoralararo aloqalar doirasida talaba va amaliyotchilar almashinuvi keng yo‘lga qo‘yilgan.

2005-yil may oyidan Toshkentda xitoy tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Konfutsiy instituti faoliyat yuritib kelmoqda va hozirgi kunga kelib dargohda 350 dan ziyod tinglovchilar, talabalar, savdogarlar va ilmiy ishchilar tahsil olishmoqda. Institut tashkil qilinganidan beri 2,5 mingdan ortiq kishi o‘quv kurslaridan o‘tdi.

2013-yil sentabr oyidagi XXR raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Samarqand shahrida yana bitta Konfutsiy institutini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.

Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq va ShHT doirasida XXR hukumati 2014-2015-o‘quv yilida o‘zbekistonlik 120 talaba va stajyorga grant ajratdi. Konfutsiy nomidagi institut orqali Lanchjou universitetida o‘zbekistonlik 50 yaqin talaba tahsil olmoqda.

2012-2013-o‘quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tili o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi.

2013-yil 15-may kuni Shanxay shahrida Xitoyda birinchi marta Shanxay universiteti huzuridagi ShHT xalq diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida “O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi” ochildi.

2013-yil noyabr oyida tomonlar o‘rtasida 2014-2017-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlikka oid dastur qabul qilindi.

Ikki tomonlama madaniy munosabatlarni mustahkamlashda 1998-yil tashkil qilingan “O‘zbekiston – Xitoy” va 2007-yil o‘z faoliyatini boshlagan “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. 2010-yildan O‘zbekiston Respublikasiga Xitoy fuqarolarining guruh bo‘lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomini berish jarayoni boshlandi.

2013-yil noyabr oyida O‘zbekistonga uyushtirilgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyannning rasmiy tashrifi davomida tomonlar o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi.

Ikki davlat o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida Toshkent –Shanxay , Navoi – Chjuchjou (Xunan provinsiyasi), Samarqand-Sian (Shensi provinsiyasi) shaharlari, Toshkent – Xunan, Samarqand va Shensi viloyatlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgan.

O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari

Koreya Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 30-dekabrda tan olgan, 1992-yil 29-yanvarda diplomatik aloqalar o‘rnatdi.

Ushbu davr mobaynida Respublika rahbariyati tomonidan o‘n to‘rt marotaba (1992-, 1994-, 1995-, 1999-, 2005-, 2006-, 2 marta 2008-yilda, 2009-, 2010-, 2011-, 2012-, 2014- va 2015-yillarda) Koreya Respublikasi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

2006-yilda Strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyasi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2012-yilning 19-21-sentabrida Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy qiymati 5 milliard AQSh dollaridan iborat davlatlar va hukumatlararo, hamda turli xo‘jalik subyektlari o‘rtasida shartnomalar imzolandi.

2014-yilning 16-18-iyun kunlari Koreya Respublikasining Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekistonga Davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida Strategik sherikchilikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya hamda moliya, investitsiya, to‘qimachilik sanoati, muqobil energetika va madaniyat sohalarida o‘zbek-koreys hamkorligini yanada chuqurlashtirish maqsadida qator hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 27-29-may kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida qo‘shma deklaratsiya hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlik sohasida umumiy qiymati 7,7 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 60 ta kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo almashuv muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 1995-yilda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida “Koreya-O‘zbekiston” do‘stlik Assotsiatsiyasi tuzildi. 2005-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Koreya bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus guruh ta’sis etildi. 2012-yil yanvarda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Pak Hi Tening O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.

2013-yilda “Koreya-O‘zbekiston” do‘stlik Assotsiatsiyasi raisi Li Je O boshchiligidagi Janubiy Koreya parlamenti a’zolaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

1995-yildan buyon ikki davlat tashqi ishlar mahkamalari o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazib kelinmoqda va ularning o‘ninchi doirasi 2014-yilda Seul shahrida bo‘lib o‘tdi.

2012-yilning 4-6-iyulida Tashqi ishlar Vaziri A.Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralar delegatsiyasi “Janubiy Koreya-Markaziy Osiyo” hamkorlik forumining 6-yig‘ilishida va investitsion-moliyaviy forumlarda ishtirok etish uchun Seul shahriga tashrif buyurdi.

1992-yildagi Savdo bitimiga asosan eng yuqori osonlashtirilgan savdo tartibi joriy etilgan. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi savdo sheriklari orasida eng yuqori o‘rinni egallaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga asosan, 2014-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2016,4 mln. AQSh dollarini tashkil etdi, ulardan eksport 143,7 mln. AQSh doll., import – 1872,7 mlrd. AQSh doll. tashkil qildi.

Janubiy Koreya tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning hajmi 5 mlrd. AQSh doll.dan oshgan.

Navoiy erkin industrial iqtisodiy zonasi tashkil etilishi Janubiy Koreya ishbilarmon doiralarining faol ishtirokida amalga oshirildi.

O‘zbekistonda Koreya investitsiyasi ishtiroki bilan 408 korxona faoliyat olib bormoqda, ulardan 68 tasi 100 foiz Koreya sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Ushbu kompaniyalar asosan savdo, yengil sanoat va tog‘-kon, kimyo, oziq-ovqat sanoatlari, mashinasozlik va metalni qayta ishlash, uy-joy kommunal xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm va turli xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat olib boradi.

1992-yildan beri Toshkentda Koreya ta’lim markazi faoliyat olib bormoqda va tanlov asosida Koreyada til o‘rganish bo‘yicha amaliyotlarni, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari uchun malaka oshirish kurslarini o‘tkazib kelmoqda.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat jahon tillari institutida koreys tili va madaniyati hamda kompyuter markazlari ish olib bormoqda.

Respublika bo‘yicha jami 13 oliy o‘quv yurtida, 28ta maktab, litsey va kollejlarda koreys tili o‘rgatiladi.

1999-yildan “O‘zbekiston-Koreya” do‘stlik jamiyati ish olib bormoqda.

2009-yilning noyabr oyidan 2010-yilning oktabr oyiga qadar Koreya Milliy Muzeyida koreyaliklar uchun birinchi bor O‘zbek qadimgi madaniyati korgazmasi tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi almashinuvni faollashtirish, qo‘shma ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Oliy o‘quv yurtlari Janubiy Koreyaning 30 dan ortiq universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 20 yilligi va O‘zbekistonda koreyslar istiqomatining 75 yilligi munosabati bilan Koreya elchixonasi ishtirokida qator madaniy tadbirlar uyushtirildi.

Munisipal darajada yaqin aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu doirada Toshkent va Seul, Farg‘ona va Yongin, Namangan va Songnam, Samarqand va Kyongju, Toshkent viloyati va Kyonsan-Pukto o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi sobiq elchilari Choy Yong Ha (1999), Mun Hayong (2007) va Chon De Wan (2013), “Koreya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Kim Yun Sik (2005) Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi sobiq spikeri Li Man Sop (2006), “Korea post” jurnali prezidenti-noshiri Li Kyong Sik (2009), Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputati Kim Yong Gu, “Korean Air” kompaniyasi raisi Cho Yang Ho va Koreya savdo-sanoat palatasi raisi Song Kyung Shik (2011) “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Marta o`qilgan: 54802