O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
12 - may 2020

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X.Kamilovning MDH TIVK majlisi yakunlari bo‘yicha brifingdagi nutqi

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari,

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, deb belgilangan.

O‘zbekiston MDHni ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish sohasidagi muhim maydon sifatida ko‘radi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimiz o‘z tarixida birinchi marta 2020-yilda MDH raisligini qabul qildi. Ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish va samaradorligini oshirish raislikning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Shu maqsadda 70 ga yaqin turli tadbirlarni o‘z ichiga olgan raislikning Konsepsiyasi va uni amalga oshirish Rejasi tasdiqlandi. Ushbu tadbirlarning 40 tasini O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Albatta, 2020-yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisi, MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi, shuningdek, MDH Iqtisodiy kengashi majlisi raisligimizning eng muhim va ahamiyatli voqealari bo‘ladi.

Hamdo‘stlik mamlakatlari va butun dunyodagi og‘ir epidemiologik vaziyatga qaramay, bugun O‘zbekiston tashabbusi bilan MDH faoliyati doirasida ilk marta videokonferensiya shaklida Hamdo‘stlik Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan birgalikda kun tartibidagi masalalarni har tomonlama muhokama qildik va kutilgan natijalarga erishdik.

Xususan, transport, ta’lim, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Ushbu hujjatlar Hamdo‘stlik ishtirokchi davlatlari rahbarlari va hukumat rahbarlarining bo‘lajak majlislariga taqdim etiladi.

Shuningdek, MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ko‘p darajali Maslahatlashuvlar rejasi tasdiqlandi.

Bugun fashizm ustidan qozonilgan umumiy G‘alabamizning 75 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabriklar bildirildi va MDH mamlakatlarida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Ushbu borada 9-may kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab qurilgan noyob G‘alaba bog‘i ochilishi barcha MDH mamlakatlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir kun tartibiga kiritilgan Hamdo‘stlik xalqlari farovonligini ta’minlash uchun MDH doirasida ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikning qo‘shimcha zahiralarini ishga solish masalalari hozirgi murakkab davrda har doimgidan ham dolzarbdir.

Shu maqsadda joriy yilning 29-may kuni Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan MDH Hukumat rahbarlari kengashining majlisini ham videokonferensaloqa shaklida tashkil etish tashabbusi bilan chiqdik.

Ishonchim komilki, MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining bugungi majlisi natijalari Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni tizimli rivojlantirishga, shuningdek, O‘zbekiston raisligi oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirishga mustahkam zamin yaratadi.

E’tiboringiz uchun rahmat.



Просмотров: 540