O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
12 - mart 2020

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining Prezident Shavkat Mirziyoyevni “Yil odami” deb e’tirof etgan “Tarixiy shaxslar” (Ozarbayjon) jurnalining maxsus soniga bag‘ishlangan taqdimotdagi nutqi

 (Toshkent shahri, 2020-yil 12-mart)

Ozarbayjon Respublikasi Elchisi janobi oliylari!

Hurmatli ozarbayjonlik mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni “Tarixiy shaxslar” jurnali tomonidan 2019-yilda “Yil odami” deb e’tirof etilishiga bag‘ishlangan bugungi tadbirni tashkil etgani uchun Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Elchixonasiga, shaxsan janob Elchiga samimiy minnatdorchiligimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Shuningdek, vatanimiz ravnaq topishi, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlash va O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston Prezidentini “Yil odami” deb tan olish to‘g‘risidagi tashabbusi uchun “Tarixiy shaxslar” jurnalining bosh muharriri, hurmatli Halil Karahmedovga ham chuqur minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston rahbarining “Yil odami” deb e’lon qilinishi uning islohotchi sifatidagi sa’y-harakatlarining natijasi va ulkan siyosiy irodasining e’tirofidir. Shu sababli mamlakatimiz qisqa vaqt ichida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda hamda ochiq va samarali tashqi siyosatni olib borishda ulkan yutuqlarga erishdi.

O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasini barqarorlik, xavfsizlik va farovonlik hududiga aylantirish borasidagi siyosati butun dunyoda e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizning ko‘plab ustuvor tashqi siyosiy sheriklari bilan aloqalari strategik darajaga ko‘tarildi, ular orasida Ozarbayjon Respublikasi alohida o‘rin tutadi.

Alohida ta’kidlash joizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda Ozarbayjon xalqining atoqli o‘g‘li Geydar Aliyevich Aliyev, uning davomchisi taniqli davlat arbobi, O‘zbekistonning yaqin do‘sti, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Geydarich Aliyevning ulkan xizmati bor.

Bugun biz O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi asrlar davomida shakllangan tarixiy do‘stona munosabatlarning chinakam tiklanganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Umumiy ma’naviy qadriyatlar va yaqin milliy an’analar, o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini birlashtiradigan til va madaniyatga asoslanib, rahbarlarimiz ochiq va ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘ydi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamladi.

Bu yil O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi nishonlanadi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari, ayniqsa savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda barqaror rivojlanib bormoqda.

Xususan, 2019-yilda savdo aylanmasi 50 foizga o‘sdi va so‘nggi besh yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Davlatlarimiz BMT, YXHT, MDH, Turkiy kengash, IHT kabi ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida bir-birlarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlaydi.

2019-yilda aynan Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston ushbu tashkilotga to‘la a’zo bo‘lganligi chuqur ramziy ma’noga ega.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon poytaxtlarida atoqli ajdodlarimiz - buyuk shoirlar Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyga ulug‘vor yodgorliklar barpo etildi.

Aziz do‘stlar,

Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik hamkorligi yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga va aniq amaliy tarkib bilan to‘ldirilishiga ishonchimiz komil.

So‘zim so‘nggida ozarbayjonlik do‘stlarimizga mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bugungi muhim tadbirni tashkil qilgani uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni izhor etaman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.



Просмотров: 1171