×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
06:21:22 (GMT +5), dushanba, 23 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


24 - avgust 2019

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining XXI yalpi majlisida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning nutqi

(Toshkent shahri, 2019-yil 24-avgust)

Muhtarama Tanzila Kamalovna,

Hurmatli Senat a’zolari va majlis qatnashchilari,

Avvalam bor, bugungi yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati haqida axborot berishga yaratilgan imkoniyat uchun sizlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Respublikamiz Oliy Majlisi Senati tomonidan Tashqi ishlar vazirligi ishiga berilayotgan e’tibor hamda muntazam ravishda hisobotlarni o‘tkazish ustuvor tashqi siyosiy va iqtisodiy vazifalarni bajarish yuzasidan vazirligimizning ma’suliyatini oshirib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xalqaro maydondagi siyosatini ilgari surish bo‘yicha jamoatchilik xabardorligini va vazirlik faoliyati ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hurmatli majlis ishtirokchilari,

Tashqi ishlar vazirligi o‘z faoliyatida asosiy e’tiborni davlatimiz rahbarining ko‘rsatma va topshiriqlarini, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida hamda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aks ettirilgan vazifalarni bajarishga qaratdi. Xususan, «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishish vazirlikning alohida diqqat-e’tibori markazida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashda oliy darajadagi tashriflar o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Yil boshidan buyon Prezident Sh.M.Mirziyoyevning 7 ta (ya’ni Hindiston, Germaniya, BAA, Xitoy, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarusga) tashrifi amalga oshirildi, O‘zbekistonga esa 4 ta xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining (Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Germaniya va Yevropa Ittifoqi) tashriflari tashkil etildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.

15-mart kuni Toshkentda birinchi bor Markaziy Osiyo mamlakatlari bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirokida Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlat idoralari va ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 19-20-fevral kunlari Toshkent shahrida «Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Anjumanda dunyoning 30 mamlakatidan 100 dan ziyod siyosatshunos ekspertlar va davlat idoralari vakillari ishtirok etdilar.

Shuningdek, «Hindiston - Markaziy Osiyo» formatida hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. Ushbu formatning Afg‘oniston ishtirokida vazirlar darajasidagi birinchi yig‘ilishi joriy yil 13 yanvar kuni Samarqandda bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish joizki, hisobot davri mobaynida dunyoning yirik, peshqadam va rivojlangan mamlakatlari – AQSh, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Yevropa davlatlari, shuningdek, Osiyo qitasining bir qator boshqa mamlakatlari bilan aloqalarimiz izchil rivojlanmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida O‘zbekistonning konstruktiv faoliyati kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan tuzilgan BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi loyihalarini moliyalashtirishga Norvegiya tomonidan 1,2 mln yevro, Yevropa Ittifoqi tomonidan 5 mln yevro mablag‘ ajratilishiga erishildi.

O‘tgan vaqt mobaynida 19 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan oliy va yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazildi. Hukumat, vazirliklar va idoralar rahbarlari darajasida 70 dan ortiq tashriflar amalga oshirildi.

Joriy yilda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, YUNESKOning 3 ta yirik tadbirida O‘zbekistonning vazirlik va idoralari delegatsiyalari ishtiroki ta’minlandi. Joriy yilning iyul oyida YuNYeSKOning “Ta’limni targ‘ib etuvchi ibratli shaharlar” tarmog‘iga Toshkent shahri kiritildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Dinlar tarixini o‘rganish» YUNESKO kafedrasi faoliyati tiklandi.

Mamlakat tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal qilishda parlament diplomatiyasi rolini kuchaytirish doirasida Oliy Majlisning Misr Arab Respublikasi Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tashkil etildi, Kuvayt Milliy Assambleyasi, Rossiya Davlat Dumasi va Germaniya Bundestagi delegatsiyalarining O‘zbekistonga safarlari hamda Oliy Majlis Senati delegatsiyasining Shvetsiya va Norvegiya qirolliklariga tashriflari amalga oshirildi.

Vazirlik tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy diplomatiya doirasida mamlakatimizga chet el investitsiyalarini jalb qilish va xorijiy sayyohlar oqimini kengaytirish, milliy eksportimiz hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yilning birinchi yarmida diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan 800 dan ortiq sarmoyaviy biznes forumlari va hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari o‘tkazildi. O‘zbekistonga potensial xorijiy investorlarning 1600 dan ortiq tashriflari amalga oshirilib, mamlakatimiz iqtisodiy muassasalari vakillarining xorijiy mamlakatlarga 700ga yaqin safarlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, xorijdagi elchilarimizning biriktirilgan viloyatlarga 150 dan ortiq ishchi tashriflari amalga oshirildi.

Prezidentimizning hududlarga tashriflari mobaynida elchixonalarimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi, sanoat, kommunal xizmatlar, qurilish, tibbiyot, farmatsevtika, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 5,25 mlrd dollarlik 256 ta investitsion loyiha ishlab chiqildi.

TIV va O‘zbekistonning xorijdagi 18 elchixonasi Namangan viloyatiga biriktirilgan bo‘lib, hozirgi kunda viloyat xokimiyati bilan yaqin hamkorlikda 1,67 mlrd dollarga teng 169 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida 122,7 mln dollar o‘zlashtirildi, yil yakuni bo‘yicha 300 mln dollar o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda.

Jumladan, 7-8 iyun kunlari Namangan shahrida TIV va elchixonalar ko‘magida 40ga yaqin davlatdan 350 ta xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida ilk bor yirik Xalqaro investitsion forum o‘tkazildi va 358 mln dollarga teng bo‘lgan 48 ta investitsion va eksport kelishuvlari imzolandi.

Joriy yilning 6 oyi davomida diplomatik vakolatxonalarimiz joylashgan davlatlarga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti 13,9 foizga oshdi va 7 mlrd 568 mln dollarni tashkil etdi.

Sayyohlar soni ushbu davr mobaynida 31 foizga oshib, 3,03 mln kishini tashkil etdi. O‘zbekistonning turistik brend elchisi lavozimiga xorijdagi taniqli 10 nafar madaniyat vakillari tayinlandi (Qozog‘iston, Rossiya, Xindiston, Malayziya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Singapur va Misr). Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga turizm oqimini oshirishga qaratilgan 8 ta “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

2019 yil yanvar-avgust oylarida 16 ta Hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari o‘tkazildi (Buyuk Britaniya, Koreya, Rossiya, Vengriya, BAA, Avstriya, Germaniya va qator boshqa davlatlar).

Hurmatli Senatorlar,

Joriy yilning birinchi yarmida davlat tashqi siyosiy faoliyati qonunchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi va uni tasdiqlash to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xizmat to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududiy boshqarmalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihalari ishlab chiqildi. “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi, «O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda “Xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga xizmat ko‘rsatishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi Qarori qabul qilindi.

Ikki tomonlama oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 58 ta ikki tomonlama xalqaro shartnomalar va 4 ta ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilindi.

Xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga konsullik muassasalari tomonidan davlat xizmatlari va huquqiy yordam berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Bular jumlasida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalariga murojaat qiluvchi fuqarolarimiz uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda konsullik xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish, onlayn to‘lovlar imkoniyatini yaratish maqsadida “Interaktiv konsullik xizmatlari” axborot tizimining yangi shakli yaratilgani va Rossiyadagi fuqarolarimiz uchun “call-center” xizmati joriy qilinganini eslatib o‘tish mumkin.

65 davlat fuqarolariga 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi, fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxati 77 ta davlatgacha kengaytirildi, kirish vizalarining yangi toifalari joriy etildi («Vatandosh», «Student visa»,«Academic visa», «Medical visa» va «Piligrim visa») hamda O‘zbekiston Respublikasida ko‘chmas mulkni sotib olgan xorijiy mamlakatlar fuqarolariga yashash guvohnomasini olish huquqi berildi.

Turizm vizasini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llaniladigan mamlakatlar soni jami 77 taga yetdi.

Respublikamizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini mustahkamlash yo‘lida “O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imidjini mustahkamlash konsepsiyasi” ishlab chiqildi.

Xalqaro ta’lim standartlarini O‘zbekistonda tatbiq etish yo‘nalishi ham tashqi siyosiy sohada muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda 10 ta xorijiy oliy o‘quv yurtlari filiallari O‘zbekistonda tashkil etilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilindi.

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy mamlakatlarda yashovchi vatandoshlar ishtirokida 200 dan ortiq turli mavzulardagi tadbirlar amalga oshirildi.

Hurmatli senatorlar va yig‘ilish ishtirokchilari,

O‘tgan davr mobaynida mamlakatning tashqi siyosatini va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, oldimizda turgan vazifalarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan muammolar ham mavjud bo‘lib, ular qatorida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

1. Ma’lumki, vazirlik va idoralar tomonidan investitsion takliflarning uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilishi ikki tomonlama muhim tadbirlarning kechiktirilishiga yoki bekor qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

2. Ko‘p hollarda tarmoq vazirliklar va idoralardan kelib tushadigan investitsiya loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumot sifati o‘ta past va xorijiy sheriklar bilan samarali muzokaralar o‘tkazish imkonini bermaydi. Xalqaro standartlarga javob beradigan taklif va loyihalar deyarli yo‘q.

3. Ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan chet ellarga tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarning bajarilishiga hamda Tashqi ishlar vazirligiga axborot berishga «yuzaki» yondashish kuzatilmoqda. Natijada ushbu tashriflar samarasi sezilmayapti.

Hurmatli senatorlar,

Ikkinchi yarim yillikda vazirlik tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

- Yaponiyaga oliy darajadagi, Ozarbayjonga Turkiyzabon davlatlar va Turkmanistonga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitlariga tashriflar bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda;

- O‘zbekistonda xalqaro forumlar o‘tkazish, ular orasida Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik dasturi, Shanxay hamkorlik tashkiloti xukumat rahbarlari kengashining majlisi, Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik 8-konferensiyasi (RECCA VIII), BMT Bosh Assambleyasining 74-sammiti oldidan tashkil etiladigan ekologik muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilish hamda Orol bo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilishga bag‘ishlanadigan BMT shafeligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya;

- O‘zbekistonning xalqaro ma’daniy tadbirlari - “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor festivali, «Sharq taronalari» xalqaro festivali, “Birinchi xalqaro hunarmandchilik” festivali;

- jahonning yetakchi davlatlarida O‘zbekistonning investitsion, turistik salohiyati va eksport mahsulotlari taqdimotlari, Hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari va hududlararo forumlarning o‘tkazilishi. Xususan, Jizzax, Surxondaryo, Namangan, Toshkent, Andijon viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalqaro investitsion forumlar tashkillashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.



Просмотров: 532