O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
14 - iyun 2018

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi

Xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqotni va samarali hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ushbu sohada davlat siyosatini takomillashtirish topshirig‘i 2017-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirish Davlat dasturiga kiritilgan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimizning boshqa vazirliklari va idoralari bilan birgalikda “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida (www.regulation.gov.uz) jamoatchilik ko‘rib chiqishi uchun joylashtirildi.

Barcha qiziqishi bo‘lgan shaxslarni Konsepsiya loyihasi bilan tanishish va hujjat yuzasidan o‘z fikr va takliflarini izhor etishga taklif etamiz.



		
		
Просмотров: 13891