Turkiyada bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga
Hurmatli yurtdoshlar, joriy yilning sentabr oyida “Toshkent-Istanbul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar tiklangandan so‘ng, fuqarolarimizning turli xil maqsadlarda (biznes, davolanish, o‘qish, turizm va hk.) Turkiyaga kelishi sezilarli darajada oshdi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonga qaytayotganda 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda topshirilgan PZR-test tahlili talab etiladi va ba’zi fuqarolarimizda ushbu testlarning natijasi ijobiy chiqayotgani aniqlanmoqda.
Turkiyadagi tegishli vazirlik va tashkilotlarning bayonlariga muvofiq “COVID-19” sug‘urtasiga ega chet el fuqarolari kasallanib qolganda davlat tashkilotlarida bepul davolanishlari mumkin. Shuningdek, kasallikni yengil o‘tkazayotgan turistlarning 10-14 kunlik karantin muddatini mehmonxona maxsus xonasida o‘tkazishlari va buning uchun ketgan xarajatlar ham sug‘urta hisobidan qoplanishi belgilangan.
Shu bilan birga, koronavirus tashuvchilari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan fuqarolarimizning ham mehmonxonalarda majburiy karantinda qolishlari majburiy bo‘lgan holatlar kuzatilmoqda. Ammo bu vaziyatda fuqaro bevosita “COVID-19” bilan kasallanmagani sababli sug‘urta polislari mehmonxonada qolish xarajatlarini qoplashni nazarda tutmagan.
Shu munosabat bilan Turkiyaga turli maqsadlarda kelishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizga quyidagilarni tavsiya qilamiz:
- “COVID-19” bilan ehtimoliy kasallanish xavfini inobatga olib, tibbiy sug‘urta polisini sotib olish;
- sug‘urta shartnomasiga “PZR testining natijasi salbiy bo‘lishiga qaramay, sug‘urtalanuvchi “COVID-19” tashuvchisi bilan muloqotda bo‘lganlik sababli majburiy karantinda qolishiga to‘g‘ri kelsa, tegishli xarajatlarni qoplash” to‘g‘risidagi bandni kiritish;
- sug‘urta agentligidan koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatida amalga oshiriladigan zarur harakatlar algoritmini bilib olish.
O‘z navbatida, “COVID-19” bilan kasallanishning oldini olish maqsadida, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan virusga qarshi gigiyenaga va ijtimoiy masofaga qat’iy amal qilishingizni so‘rab qolamiz.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi