Tashqi ishlar vaziri va iqtidorli yoshlar o'rtasida ochiq muloqot o'tkazildi

21-dekabr kuni an'anaviy tarzda tashkil etiladigan uchrashuv - Tashqi ishlar vaziri va iqtidorli yoshlar o'rtasidagi ochiq muloqot bo'lib o'tdi.

Unda  joriy yilda yoshlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tizimli ishlar va kelgusi yilgi rejalar haqida so'z bordi.

Bugungi tahlikali zamon tashabbuskor, mustaqil va yangicha fikrlovchi, kreativ, keng dunyo qarashli kadrlar zaxiralarini shakllantirishni taqazo etadi. Shu munosabat bilan O'zbekistonning xorijiy vakolatxonalarida amaliyot o'tagan talabalar va yosh diplomat  kadrlarning ochiq, konstruktiv, interaktiv fikr hamda takliflari inobatga olinib, 2025-yilgi rejalar shakllantirildi.

Bugungi ishtirokchilaring 44 nafari iqtidorli talabalar bo'lib, joriy yilda Respublikamizning xorijiy vakolatxonalarida amaliyot o'tab kelish baxtiga sazavor bo'lishdi. So'ngi uch yilda elchixona faoliyatida bevosita ishtirok etib qaytgan talabalar soni jami 120 nafarga yetdi. Va ularning aksariyati vazirlik tizimida faoliyat olib bormoqda.

Mamlakatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan milliy manfaatlarimizni xorijda ilgari surish, chet elda fuqorolarimiz huquqlarini himoya qilish kabi tashqi siyosat sohasida Vazirlikning aniq ustuvor vazifalari mavjud. Ularni amalga oshirish uchun tashqi siyosat idorasiga yuqori malakali, iste'dodli, bilimli, har tomonlama yetuk va eng muhimi vatanparvarlik ruhida tarbiya topgan yosh kadrlarga talab katta. 

Uchrashuvda TIV rahbari yoshlarga bugungi dunyodagi va mintaqadagi holat haqida alohida to'xtaldi. Xorijdagi vakolatxonalarimizda amaliyot o'tagan talabalar o'z taassurotlari, tajribalari va yutuqlari bilan bo'lishdilar. Ochiq muloqot shaklidagi o‘tgan uchrashuvda yoshlar aktiv ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi.

Tashqi ishlar vazirligi 2024-yilda yoshlar bilan hamkorlik natijalarini ijobiy baholab, bu formatdagi muloqotni kelgusida ham davom ettiradi.