Tashqi ishlar vazirligida ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari B.Usmonov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish bo‘yicha ShHT missiyasi rahbari sifatida Toshkentda bo‘lib turgan ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari N.Ermekbayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
N.Ermekbayev ShHT davlatlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda ShHT doirasida samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash va Ostona sammiti chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tashkilotning iqtisodiy ahamiyati ortib borayotgani, shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va mavjud ulkan salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.