Singapurning O‘zbekistondagi Elchisi bilan uchrashuv

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov Singapur Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Singapurda) Zulkifli Baharudin bilan uchrashdi.

Zulkifli Bahorudin Singapur hukumati va ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, mamlakatimiz aholisi farovonligini oshirish, milliy iqtisodiyotni mustahkamlash va xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi. 

O‘zbekiston va Singapur Prezidentlarining 2023-yildagi o‘zaro tashriflari ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish uchun kuchli katalizator bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishga doir masalalar muhokama qilindi. Tomonlar siyosiy muloqotni yanada kengaytirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, ta’lim, o‘rta bo‘g‘in menejerlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdorligini bildirdi.

Savdo-investitsiyaviy sohalarda sheriklik aloqalarini o‘rnatish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, fond bozorlari va boshqa sohalarda qo‘shma investisiya loyihalarini ishga tushirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, jumladan, ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni tiklash, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.