Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining iyul oyidagi faoliyati toʻgʻrisida
Hurmatli kuzatuvchilar,
Tashqi ishlar vazirligining oʻtgan bir oylik faoliyati boʻyicha brifingimizni boshlaymiz.
I. Oʻtgan oyda yurtimizga 65 ta xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 21 tasi yuqori darajada.
Mamlakatimiz delegatsiyalarining esa xorijga 77 ta, jumladan 21 ta yuqori darajada xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy koʻmak berdik.
2024-yil 4-iyul kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostona sammiti doirasida Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jaishankar bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, transport aloqalarini yaxshilash, o‘zaro turizmni rag‘batlantirish, ta’lim almashinuvini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ko‘plab sohalarda qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
9-iyul kuni tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga tashrif buyurdi. Delegatsiya Malayziya Bosh vaziri Dato Seri Anvar Ibrohim hamda tashqi ishlar vaziri Dato Seri Utama Hoji Mohamad bin Hoji Hasan bilan muzokaralar o‘tkazdi.
<iframe width="625" height="351" src="https://www.youtube.com/embed/XHm61ItQUtc" title="O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining iyul oyidagi faoliyati to‘g‘risida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Turli darajadagi muntazam almashinuvlarga ko‘maklashish, o‘zaro aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muloqotni faollashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va boshqa masalalar muzokaralar kun tartibidan joy oldi.
Ma’lumki, xorijga amalga oshiriladigan xizmat safarlar mobaynida yirik kompaniyalar bilan ham uchrashuvlar tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu an’anaga muvofiq tarzda delegatsiyamiz “Petronas” kompaniyasi raisi Dato Seri Mohd Bakke Salleh bilan uchrashib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qadamlarni muhokama qildi.
31-iyul kuni Toshkentda qisqa to‘xtab o‘tgan Italiya Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, Davlatimiz Rahbarining samimiy salomlari yetkazildi.
Shuningdek, o‘tgan oyda Vetnam tashqi ishlar vaziri Buy Txan Shon bilan telefon orqali muloqot tashkillashtirildi.
Xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari bilan anʼanaviy faol muloqot davom ettirildi.
O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlagan Yevropa Ittifoqi va Isroil Elchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Manfred Hutererning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilindi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan bir oyda 40 ga yaqin uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Shuningdek, Kipr, Ozarbayjon va Yaponiya tashqi ishlar vazirliklari bilan siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Aytishimiz lozimki, oʻtkazilgan barcha muzokaralar yakunlari boʻyicha chet davlatlar bilan aloqalarimizni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
II. Endi koʻp tomonlama diplomatiya yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan muhim tadbirlarga to‘xtalsak.
Iyul oyida xorijiy mamlakatlarda tashkillashtirilgan 13 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi, ulardan 6 tasi yuqori darajada.
Mamalaktimizda bo‘lib o‘tgan ko‘p tomonlama tadbirlarda ishtirok etish va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun 20 ga yaqin delegatsiya, jumladan ko‘p tomonlama tuzilmalar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning 30 dan ziyod ekspertlari tashrif buyurdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi iyul oyida ushbu yo‘nalishda eng muhim tadbirlardan biri bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Tashrif ham hukumat vakillari, ham mahalliy aholi bilan samimiy uchrashuvlar, mazmunli muhokamalar va do‘stona suhbatlarga boy bo‘ldi.
Xususan, BMT bosh kotibi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi, Hazrati Imom majumasiga tashrif buyurib, masjid va maqbaralarning tarixi bilan tanishdi, Dilbuloq mahallasida esa O‘zbekistonda mahalla instituti tizimi haqida batafsil ma’lumot oldi. Shuningdek, Antoniu Guterrish Toshkent viloyatida joylashgan “RiverSide” quyosh fotoelektr stansiyasida ham bo‘lib, O‘zbekistonda “yashil” energetika sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrishni jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, o‘zaro hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
5-6-iyul kunlari TIV rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti arafasida Shusha shahrida Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Vazirlar muloqoti hamkorlikning ko‘plab muhim yo‘nalishlari, jumladan, transport-logistika, savdo va investitsiyaviy, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurash kabi sohalarga bag‘ishlandi.
III. Shu o‘rinda viloyatlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar samaradorligini oshirish, mahalliy mahsulotlar eksporti uchun yangi bozorlar ochishda hududlarga ko‘maklashish – Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Iyul oyida Vazir va uning o‘rinbosarlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, va Toshkent viloyatlariga xizmat safarlari tashkil etildi. Joylarda viloyat rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Investorlar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz va ularga biriktirilgan hududlar formatidagi hamkorlik tahlil qilinib, har bir soha rivoji uchun xizmat qiladigan aniq marralar va qilinishi zarur bo‘lgan choralar atroflicha muhokama qilindi.
IV. Oʻtgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yoʻnalishida jami 16 ta hujjat imzolandi.
V. Endi xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtamiz.
Iyul oyida:
- 16 156 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;
- 2 420 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 140 nafar fuqaromizga 18 145 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, yaʼni odam savdosi qurboni boʻlgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 202 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 10 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- 18 fuqaroga ish beruvchidan to‘lanmay qolgan ish haqlarini undirilishiga yordam ko‘rsatildi.
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 130 ta tadbir oʻtkazilib, ularda 8 820 ta vatandoshlar qatnashdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 11 576 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1035 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga kelgan.
Barcha murojaatlarga nisbatan oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.
Bir oy mobaynida 27 000 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari Elchixonalar va Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan, shuningdek, elektron tarzda rasmiylashtirilgan.
Shu o‘rinda o‘tkazilgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston fuqarolari vizasiz borishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni yana 2 taga ko‘payganini alohida aytib o‘tish joiz. Iyul oyida O‘mon (14 kungacha) va Tailand (60 kungacha) O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish rejimini joriy qildi,.
Shu bilan iyul oyi yakunlariga bagʻishlangan brifingimiz oʻz nihoyasiga yetdi.
Hurmatli kuzatuvchilar, OAV vakillari, Vazirligimiz faoliyatiga doir sizni qiziqtirayotgan savollaringiz bo‘lsa, ularni Matbuot xizmatigi yo‘llashingiz mumkin. Navbatdagi brifinglarimizda ularga javoblar taqdim etamiz.
Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!