Tashqi ishlar vazirligida Koreya Respublikasi Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda tomonlar ikki mamlakat kun tartibidagi muhim masalalarni ko‘rib chiqdilar. Koreya Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-15-iyun kunlari yurtimizga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi yuzasidan fikr almashdilar.

Tomonlar iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, tashqi savdo ko‘rsatkichlarini oshirish va uni diversifikatsiya qilish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.