Toshkentda O‘zbekiston-Belgiya siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

2024-yilning 27-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Belgiya Qirolligi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston-Belgiya munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. 

Siyosiy muloqotni faollashtirish, shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda foydalanilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi fan va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Belgiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi yetakchi savdo sheriklaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Kimyo, toʻqimachilik, mashinasozlik va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan tomonlarning oʻzaro manfaatdorligi bildirildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.