O‘zbekiston-Fransiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

2024-yilning 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning o‘n beshinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov va Fransiya tashqi ishlar vazirligining kontinental Yevropa departamenti direktori Bris Rokfey boshchilik qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida 2022-2023-yillarda oliy darajadagi o‘zaro tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish muhim o‘rin tutdi.

Tomonlar parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish, aql markazlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, shuningdek, energetika, transport, suv ta’minoti, turizm, qurilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy muammolar, shuningdek, turli darajadagi qo‘shma tadbirlarning reja va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.