Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining aprel oyidagi faoliyati toʻgʻrisida
Hurmatli kuzatuvchilar,
Tashqi ishlar vazirligining oʻtgan bir oylik faoliyati haqida brifingimizni boshlaymiz. Kutilganidek, aprel oyi Oʻzbekiston diplomatiyasi uchun ikki va koʻp tomonlama muzokaralarga boy boʻldi.
I. Oʻtgan oyda yurtimizga 57 ta xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 13 tasi yuqori darajada.
Mamlakatimiz delegatsiyalarining esa xorijga 97 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy koʻmak berdik.
<iframe width="1903" height="650" src="https://www.youtube.com/embed/rjQryg6zf2M" title="O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining aprel oyidagi faoliyati to‘g‘risida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
11-12-aprel kunlari Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Minsk shahrida boʻldi. Tashrif davomida delegatsiya Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan qabul qilindi. Muloqotda doʻstlik va oʻzaro hurmatga asoslangan ikki tomonlama hamkorlik kun tartibining barcha jabhalari jadal rivojlanib borayotganligi qayd etildi.
Belarus tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan Maslahatlashuvlar dasturi ham imzolandi.
Tashrif davomida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari hamda MDH doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, siyosiy, taʼlim, sport, kadrlar salohiyatini oshirish va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, “Markaziy Osiyo + Rossiya” shaklidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir takliflar koʻrib chiqildi.
14-15-aprel kunlari poytaxtimiz Toshkent “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuviga mezbonlik qildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda dunyoning ikki muhim mintaqasi – Markaziy Osiyo va Koʻrfaz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash boʻyicha barcha sohalarda keng qamrovli hamkorlikni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi. 2025-yilda boʻlib oʻtadigan Samarqand sammitiga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi. Yigʻilish yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.
“Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri xorijlik hamkasblari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham oʻtkazdi. Jumladan, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻmon, Kuvayt, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari, Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi bilan boʻlib oʻtgan alohida uchrashuvlar chogʻida ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha atroflicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, muzokaralar davomida qator hujjatlar ham imzolandi. Xususan:
– Qirgʻiston Tashqi ishlar vazirligi bilan boʻlajak oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”;
– Oʻmon Tashqi ishlar vazirligi bilan 2024-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;
– Kuvayt Tashqi ishlar vazirligi bilan 2024-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;
– Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi Bitim;
– Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi bilan Diplomatik va maxsus pasport egalarini oʻzaro qisqa muddatli viza talablaridan ozod etish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim imzolandi.
23-aprel kuni Oʻzbekiston TIV rahbari Toshkent shahrida Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va taraqqiyot masalalari boʻyicha davlat kotibi Devid Kemeron bilan uchrashdi. Suhbat chogʻida barcha sohalar boʻyicha ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan asosiy vazifalar belgilab olindi. Iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oʻzaro tayyorlik qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Keng qamrovli sherikchilik toʻgʻrisidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bogʻliqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
26-aprel kuni esa Devid Kemeron Londonga qaytish chogʻida Toshkentda toʻxtab oʻtdi va tashqi ishlar vaziri bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Aprel oyida Oʻzbekiston TIV rahbari Kipr va Serbiya tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqotlar oʻtkazdi.
Toshkentda Rossiya Prezidentining Xalqaro madaniy hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy, Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Galuzin, Filippinning “Liwayway Group” kompaniyasi direktorlar kengashi asoschisi va raisi Karlos Chan, delegatsiyalari bilan ham alohida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari bilan anʼanaviy faol muloqot davom ettirildi.
Xususan, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Syerra-Leone, Kipr va Chilining yangi tayinlangan Elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
TIV rahbari Qirgʻiziston, Buyuk Britaniya mamlakatlari elchilari va YEXHTning yurtimizdagi loyihalar koordinatorini qabul qildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan bir oyda 50 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Oʻzbekiston va Turkmanistan, Oʻzbekiston va Rossiya, Oʻzbekiston va Niderlandiya, Oʻzbekiston va Braziliya, Oʻzbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davralari boʻlib oʻtdi
Shuningdek, Yevropa tashqi harakatlar xizmati bosh kotibi Stefano Sannino, Yuta shtati Senati prezidenti Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiya, Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga qarshi kurashish boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi direktori Atageldi Yazliyev, Germaniya Bundestagining “Germaniya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi oʻrinbosari Manfred Grund bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Aytishimiz lozimki, oʻtkazilgan barcha muzokaralar yakunlari boʻyicha chet davlatlar bilan aloqalarimizni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
II. Koʻp tomonlama diplomatiyaga toʻxtalsak, dunyoning turli shaharlarida boʻlib oʻtgan 20 dan ziyod xalqaro tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar.
III. Oʻtgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yoʻnalishida 2 ta hujjat kuchga kirdi va 34 ta hujjat imzolandi.
IV. Endi xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtamiz.
Aprel oyida:
- 14 618 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;
- 475 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 249 nafar fuqaromizga 21 406 AQSH dollari miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, yaʼni odam savdosi qurboni boʻlgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 191 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 26 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qoʻyilgan 20 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 168 ta tadbir oʻtkazilib, ularda 10 658 ga yaqin vatandoshlar qatnashdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 12 108 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1135 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga kelgan.
Barcha murojaatlarga nisbatan oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.
Bir oy mobaynida 10 528 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari Elchixonalar, 83 ta viza Konsullik-xuquqiy departamenti tomonidan rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga elektron tarzda 16 953 ta viza rasmiylashtirilgan.
Shu bilan aprel oyi yakunlariga bagʻishlangan brifingimiz oʻz nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!