Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Kuvayt ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

2024-yil 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev mamlakatimizga III Toshkent xalqaro investitsiya forumini yoritishda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Kuvaytning yetakchi ommaviy axborot vositalari – “Q8 Press” elektron nashri va “Times Kuwait” gazetasi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari kuvaytlik OAV vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, xususan, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasidagi o‘zgarishlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Kuvayt hamkorligini media sohasida kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, “Dunyo” axborot agentligi va Kuvaytning mazkur ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.