Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari TIKA rahbari bilan uchrashdi
2024-yilning 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Serkan Kayalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va TIKA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va Agentlikning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda 1993-2023-yillar davomida TIKA tomonidan turli sohalarda umumiy qiymati $60 millionga teng 900 dan ortiq loyiha va dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi qayd etildi. Joriy yilda yana 13 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ta’lim tizimini takomillashtirish va tarixiy obidalarni rekonstruksiya qilishga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.