Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-yilning 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Dokerti bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya muloqotining holati va istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar hamda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildilar.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgani, kun tartibidagi barcha jabhalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklik izchil kengayib borayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiy diplomatiya ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining o‘rinbosarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.