Tashqi ishlar vazirligida Buyuk Britaniya biznes va savdo vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Buyuk Britaniya biznes va savdo vaziri o‘rinbosari Malkolm Offord bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan holda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport qilinadigan tovarlar turlarini kengaytirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish, yirik Buyuk Britaniya kompaniyalari va moliya institutlarini qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha birgalikda zarur choralar ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Savdo shartnomalari, investitsion bitimlar va avval erishilgan boshqa kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorlikning ayrim masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yaqin hamkorlik qilishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi qayd etildi.