O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining iyul oyidagi faoliyati to‘g‘risida

Assalomu alaykum,

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining iyul oyidagi faoliyati ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni yuritishga qaratilgan ko‘plab tashriflar, uchrashuvlar va muzokaralarga boy bo‘ldi.

I. Ikki tomonlama siyosiy tadbirlarga to‘xtalsak, o‘tgan davrda yurtimizga 8 ta yuqori darajadagi hamda xorij davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 16 ta tashrifi amalga oshirildi.

Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 6 ta mamlakatga umumiy hisobda 11 ta tashrifi ishlab chiqilgan bo‘lsa, Respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari darajasida 14 ta xizmat safariga borishida amaliy ko‘mak berildi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/-Cn6JR_p78o" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tkazilgan barcha tashrif va uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning chet davlatlar bilan aloqalarini yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortishi xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotimiz jadallashib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Jumladan, iyul oyida O‘zbekiston TIV rahbari hamkasblari:

- Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan;

- Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov;

- Malayziya tashqi ishlar vaziri Zambri Abdul Qodir;

- Shveysariya tashqi ishlar vaziri Ignazio Kassis;

- Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va Parlamenti a’zosi Jeyms Kleverli;

- videokonferensaloqa orqali Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashit Meredov hamda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud hamda Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchilari bilan 9 ta uchrashuv tashkil etildi.

Bundan tashqari, TIV rahbari boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyalarining Ozarbayjon Respublikasi va Buyuk Britaniyaga tashrifi amalga oshirilib, ular doirasida qator muzokaralar, hamda yirik biznes forum o‘tkazildi. 

Shu bilan birga, o‘tgan davrda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan 9 ta uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. Belarus va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari bilan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.

 

II. Endi e’tiboringizni O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.

1. Singapur, Vena, Nyu-York, Budapesht, Baku, Minsk, Pekin, Chendu, Dakka, Islomobod, Tehron shaharlarida bo‘lib o‘tgan 21 ta xalqaro tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar.

2. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri 5-iyul kuni Boku shahrida 93 davlat va 11 ta xalqaro tashkilot delegatsiyalari qatnashgan Qo‘shilmaslik Harakati Muvofiqlashtiruvchi byurosining vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdi.

3. O‘tgan davrda TIV rahbari yurtimizga xizmat safari bilan kelgan BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus koordinatori Feridun Sinirliog‘lu, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev, SHHT Bosh kotibi Chjan Min bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

 

III. Tashqi ishlar vazirligining yana bir asosiy faoliyat yo‘nalishiga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar kiradi. Xususan, iyul oyida ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:

- 14 131 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;

- 667 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 195 nafar fuqaromizga 31 428 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;

- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 162 nafari fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

30 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 23 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi;

- 253 nafar fuqaroning oylik maoshi qaytarilishiga ko‘maklashildi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 11 149 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 654 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 9 495 tasi chet eldagi vakolatxonalarimizga yuborilgan. Barchasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi va ularga o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Bir oy mobaynida 12 554 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 7 381 tasi elektron tarzda berilgan.

Shu bilan iyul oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

E’tiboringiz uchun rahmat!