TIVda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (GMJKB) Siyosat tahlili va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Jan Lyuk Lemaye bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va mazkur tuzilma o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Afgʻoniston yoʻnalishidagi o‘zaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish, shuningdek, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholashi ta’kidlandi.
Tomonlar 2023-yil 4-mayda ochilgan Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi negizida Transmilliy tahdidlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etilganini olqishladilar.
J.Lemaye O‘zbekiston tomoniga Markazni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Markazning asosiy maqsadi mintaqada giyohvand moddalar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha vaziyatni ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishning zamonaviy metodologiyalarini qo‘llash orqali monitoring qilish hisoblanadi.
2022-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston va UNODC oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida tomonlarni qiziqtirgan sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.