Buyuk Britaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili bilan muzokaralar to‘g‘risida

Joriy yil 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda Buyuk Britaniya Bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Endi Makkubri o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi bugungi vaziyat, shuningdek, ushbu mamlakatdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.

Afg‘oniston yangi hukumati xalqaro hamjamiyatning asosiy talablarini bajarish, ayniqsa, ayollar va qizlarning mehnat va ta’lim olish huquqlarini ta’minlashi zarurligi qayd etildi.

E.Makkubri O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha yaxlit mintaqaviy pozitsiyani shakllantirish, mamlakatda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Rahbariyatining BMT shafeligida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.