Yashil rivojlanish global instituti Bosh direktori bilan uchrashuv haqida

2023-yil 15-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yashil rivojlanish global instituti (GGGI) Bosh direktori Frank Raysbermanni qabul qildi.

Uchrashuvda O'zbekiston va Yashil rivojlanish global instituti o'rtasida respublikada "yashil" rivojlanish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va GGGI o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, hozirgi kunda qiymati $5,9 mln. bo‘lgan “Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun Orolbo‘yi mintaqasi uchun yashil tiklanish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Orol dengizida yashil agrosanoat va qayta tiklanadigan energetika sohalarida loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Muzokaralar davomida F.Raysberman GGGI O‘zbekiston Respublikasida ekoinnovatsiyalar, energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlarda turli dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.