O‘zbekiston TIV rahbari BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakilini qabul qildi

2023-yil 10-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskani qabul qildi.

O‘zbekiston va BMTTD o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va uning mamlakatimizdagi loyihaviy faoliyatini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

M.Dimovska 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos kelishi va uni amalga oshirishda BMTTD O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilishga intilishini ta’kidladi.

Tomonlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish, Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro tayyorligi e’tirof etildi.

Inson kapitalini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.