Italiya Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2023-yilning 4-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Italiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Agostino Pinnani qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Italiya kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlar, xususan, TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlar va “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi muloqotning navbatdagi davralarini o‘tkazish muddatlari va kun tartibi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, parlament a’zolarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani faollashtirishga alohida urg‘u berildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, Italiya bozoriga o‘zbek mahsulotlarini eksportini ko‘paytirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Italiya tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.