TIV jamoasiga Vazirlikning yangi rahbari tanishtirildi
2022-yil 30-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi Baxtiyor Odilovich Saidovni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlash toʻgʻrisidagi 281-son Farmoni oʻqib eshittirildi.
Shuningdek, majlisda Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda diplomat kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
***
B.Saidov 1981-yil 22-aprelda Samarqand viloyatida tugʻilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasida turli lavozimlarda ishlagan.
2017-2021-yillarda – Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi, bir vaqtning oʻzida oʻrindoshlik asosida Moʻgʻuliston va Filippindagi Favqulodda va Muxtor Elchisi sifatida faoliyat yuritgan.
2021-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri lavozimida ishlagan.
2022-y. - h.v. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b.