Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasida parlament diplomatiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2022-yil 23-dekabr kuni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yigʻilishida ishtirok etish uchun Tokioga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda “Yaponiya-Markaziy Osiyo” parlament doʻstlik ligasi raisi Taro Aso va liga aʼzolari bilan uchrashdi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan TIV rahbari V.Norov Oʻzbekiston tomoni Liganing tashkil etilishini Yaponiya tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning ahamiyati ortib borayotganidan dalolat deb bilishini taʼkidladi.
Hozirgi bosqichda Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida yuksak darajadagi ishonch va oʻzaro anglashuv oʻrnatilgani qayd etildi. Siyosiy, ishbilarmonlik, ilmiy va akademik doiralar oʻrtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlari shakllantirildi.
Parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish surʼati taʼkidlandi. Bugungi kunda Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi aʼzolari soni 41 nafarga yetdi.