USAID O'zbekiston bilan hamkorlikni jadallashtirishga tayyor

2022-yil 12-dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) boshqaruvchisi Samanta Pauer va USAID boshqaruvchisi o'rinbosari Izabel Kolman bilan uchrashuv o'tkazdi.

O'zbekiston va USAID o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chog'ida USAID rahbari 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam ko'rsatishga tayyorligini ta'kidladi. Bu borada USAID o’z sa'y-harakatlarini AQSh xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bilan yaqindan muvofiqlashtirishi ma’lum qilindi.

USAID rahbari O'zbekiston hukumatining davlat boshqaruvi ochiqligi va so'z erkinligini ta'minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borayotgan amaliy qadamlarini olqishladi. Mazkur yo’nalishdagi islohotlar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari bo'yicha qaror qabul qilish jarayonlarida jamiyat manfaatlarini keng hisobga olishga yordam berishi ta'kidlandi.

O'z navbatida, USAID rahbari o'rinbosari Izabel Kolman Agentlik moliyaviy-texnik ko'mak loyihalarini, birinchi navbatda, O'zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlarini hisobga olgan holda amalga oshirishda davom etishini qayd etdi.

USAID rahbariyati energetika sohasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, suv xo'jaligini rivojlantirish, ta'lim tizimini takomillashtirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirishga ko'maklashishga tayyorligini bildirdi. 

O'zbekiston fuqarolarini ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida USAID imkoniyatlarini kasb-hunar va texnik ta'lim tizimiga jalb etish muhimligi alohida qayd etildi.