YXHTning amaldagi raisi, Polsha Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yilning 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri hamkasbini YXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 29-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani, shuningdek, Polshaning tashkilotga raisligi munosib yakunlangani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining dolzarb masalalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. 2023-yilda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasining 8-majlisini tashkil etishdan manfaatdorlik bildirildi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.