YXHT/DIIHB direktori bilan muzokaralar toʻgʻrisida

2022-yil 1-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Lodz shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT DIIHB) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashdi.

Muloqotda Oʻzbekiston bilan YXHT DIIHB oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi, mamlakatimiz va mazkur tuzilma oʻrtasidagi konstruktiv hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning DIIHB bilan hamkorligi sezilarli darajada kengayganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Byuroning toʻliq miqyosdagi missiyalari parlament (2019-yil) va prezidentlik saylovlarida (2016 va 2021-yillarda) ishtirok etdi. Oʻzbekistonda DIIHB tavsiyalarini oʻrganish va ularni qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha idoralararo ekspert guruhi tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va muvaffaqiyatli baholashda Byuro tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmakka yuksak baho berildi. Oʻzbekiston qonun ijodkorligi faoliyatini baholash, uning xalqaro standartlarga muvofiqligini tahlil qilish boʻyicha kelgusida yaqin muloqotlar oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi.