Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida

Lodz shahrida boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida V.Norov T.Billstryomni Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi.

Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Prezidentining Shvetsiyada elchixona ochish toʻgʻrisidagi qarori ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam ekani alohida taʼkidlandi.

Boʻlajak qoʻshma tadbirlar, jumladan, Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi shaklida oʻtkaziladigan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Shvetsiya parlamentlari oʻrtasidagi ikki tomonlama muloqotni kengaytirish tomonlar uchun muhim ahamiyatga ega. Shu sababdan parlament diplomatiyasini rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xususan, Shvetsiya bozoriga yuqori sifatli oʻzbek mahsulotlarini eksport qilishni koʻpaytirish, turli yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun sohaviy tuzilmalari oʻrtasida yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi. .

Muzokaralarda, shuningdek, ilmiy-taʼlim sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish va ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.