Yaponiya Elchisi bilan uchrashuv

2022-yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fujiyamani diplomatik missiyasi yakunlanayotgani munosabati bilan qabul qildi.

V.Norov mehmonni qutlar ekan, Elchining Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Yo.Fujiyama Oʻzbekistondagi faoliyati davomida mamlakatimizning jadal rivojlanishiga xizmat qilgan keng koʻlamli islohotlarga guvoh boʻlganini taʼkidladi. Yaponiya tomoni yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi va Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda koʻmaklashishga tayyor.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi. Oliy darajadagi muloqot faol olib borilmoqda, parlamentlar, hukumatlar, vazirlik va idoralar, bank, moliya va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi almashinuvlarning ijobiy surʼati kuzatilmoqda.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari darajasida samarali maslahatlashuvlarni davom ettirish, savdo-iqtisodiy sohada oʻzaro hamkorlikning belgilangan mexanizmlaridan izchil foydalanish, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi tadbirlarni oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Yo.Fujiyama Oʻzbekiston tomoniga mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini amalga oshirishda yaratilgan har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonning yaqin doʻsti boʻlib qolishini taʼkidladi.