Polsha parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yilning 7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Polsha – O‘zbekiston parlamentlararo guruhi raisi Pavel Beyda boshchiligidagi Polsha Respublikasi Seymi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari va Polsha Milliy Assambleyasi o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, bu ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladi. O‘zaro tashriflar tashkil etish, qonun ijodkorligi, inson huquqlari sohasida tajriba almashish orqali hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmoqlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish yuzasidan fikr almashildi. Qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, jumladan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan madaniyat, fan, oliy taʼlim, ma’rifat va sport sohalaridagi hukumatlararo ijro dasturini toʻliq amalga oshirish zarurligi qayd etildi.