Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili bilan o‘tkazilgan muzokaralar to‘g‘risida
2022-yilning 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Brussel shahrida Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan gumanitar va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.
Tomas Niklasson O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi, ayniqsa, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida ta’kidladi.
Ushbumamlakatning yangi hukumati tomonidan keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, asosiy inson huquqlarini, shu jumladan, ayollar va mamlakatdagi milliy ozchiliklar huqularini hurmat qilish borasidagi xalqaro hamjamiyatning asosiy talablari bajarilishining muhimligini ta’kidlandi.
T.Niklasson Oʻzbekiston tomonining Afgʻonistonning yangi hukumatga nisbatan jahon hamjamiyatining yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmasdan turib, oʻtkir ijtimoiy-gumanitar inqirozni bartaraf etish, shuningdek, mustahkam tinchlik va barqarorlik oʻrnatishga koʻmaklashib boʻlmaydi, degan fikriga qoʻshildi.
Tomonlar afg‘on muammosi bo‘yicha ham ikki tomonlama asosda, ham Markaziy Osiyo davlatlarining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.