Sindao shahri delegatsiyasi bilan uchrashuv to’g’risida

2022-yil 4-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Xitoyning Sindao shahri vitse-meri Lyu Szyansyunni qabul qildi.

O'zbekiston-Xitoy munosabatlarini hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo'yicha fikr almashildi. 

Sindao shahridagi "Xitoy – ShHT" Pilot zonasi va Samarqand shahridagi "O'zbekiston – ShHT" sanoat zonasi o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish to'g'risida kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakatning turli sohalardagi har tomonlama strategik sherikligini yanada mustahkamlash istiqbollari, jumladan, XXR raisi Si Szinpinning 2022-yil sentabr oyida O'zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish istiqbollari ko'rib chiqildi. 

Ikki tomonlama munosabatlarda mintaqalararo hamkorlik alohida o'rin tutgani barobarida, Sindaoning O'zbekiston shaharlari bilan rishtalarni qo'llab-quvvatlashga tayyorligi ta'kidlandi. 

Uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovga 2019-2021-yillarda ShHT Bosh kotibi lavozimida ishlagan davrida "Xitoy – ShHT" Pilot zonasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun "Sindao shahrining faxriy fuqarosi" unvonini berish to'g'risidagi guvohnoma topshirildi.