O‘zbekiston va BMTning terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi
2022-yil 18-19-oktabr kunlari Tojikiston hukumati va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya “Terrorizmga qarshi kurashish va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda.
Konferensiya doirasida 18-oktabr kuni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida qayd etilganidek, 2022-yil 3-4-mart kunlari Toshkent shahrida bo’lib o’tgan ushbu strategiyani Markaziy Osiyoda amalga oshirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o’zgarib turuvchi xalqaro ijtimoiy-siyosiy va mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy muhitni inobatga olgan holda terrorizmga qarshi kurashning umumiy tamoyillari va yondashuvlari bo’yicha mushtarak fikrga kelish imkonini yaratdi.
Eslatib o‘tamiz, “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida qator muhim hujjatlar qabul qilingan.
Ular orasida BMTning yangi tahrirdagi Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining yangi harakatlar rejasi doirasida hamkorlikka intilishini tasdiqlovchi “Toshkent deklaratsiyasi” ham bor.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkent konferensiyasi davomida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni o‘z ichiga olgan hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Hujjat hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi, uni amaliy mazmun bilan boyitishi alohida ta’kidlandi.
“Yo‘l xaritasi” yuqori darajadagi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, Markaziy Osiyoda kiberterrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha virtual tarmoq yaratish, Vatanga qaytarilgan fuqarolarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilishda mahallalardan samarali foydalanish bo‘yicha tajriba almashish, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzurida ushbu masala bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi ta’sis etish va boshqa tadbirlarni ko’zda tutadi.
Xususan, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida bag‘rikenglik, dinlararo va madaniyatlararo muloqot g‘oyalari va tamoyillarini targ‘ib qilish maqsadida 2023-yili BMT shafeligida O‘zbekistonda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” mavzuida yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.