V.Norov: “Afg'oniston yakkalanib qolmasligi muhimdir”

Dushanbe shahrida bo’lib o’tayotgan "Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik" mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferentsiyadagi nutqida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov qo’shni Afg’onistondagi vaziyatga to’xtaldi.

Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari usbhu davlatda tinchlikni ta'minlash bilan uzviy bog'liqligini ta’kidlandi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari konferensiya ishtirokchilarini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston masalasiga oid tashabbuslari bilan tanishtirdi.

Xususan, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Ostona sammitida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlarning o‘z majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarishi tartib-qoidasini ishlab chiqish va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirish taklifiga e’tibor qaratildi. Ushbu mexanizm Afg'oniston muvaqqat hukumati va xalqaro hamjamiyat tomonidan majburiyatlarni bajarishning aniq mexanizmlari, muddatlari va shartlarini aniqlash uchun amaliy va samarali platforma sifatida xizmat qilishi mumkinligi ta'kidlandi.

Joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida Afg'oniston muvaqqat hukumat delegatsiyasi ishtirokida o’tkazilgan xalqaro konferensiya jahon hamjamiyatining ushbu mamlakatga nisbatan izchil yondashuvlarni ishlab chiqishdan manfaatdorligini ko'rsatdi.

Afg'onistonning yakkalanb qolishiga yo'l qo'ymaslik muhimligini ta'kidlab, V.Norov xalqaro hamjamiyatni BMT, xalqaro moliya institutlari va donorlar ko'magida mamlakat iqtisodiyotini tiklash, uni mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish, infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo’yicha samarali choralar ko'rishga chaqirdi.

O'zbekiston qo’shni davlatga ko'maklashish bo'yicha xalqaro sa'y-harakatlarga salmoqli hissasi qo'shmoqda. Termiz shahrida Xalqaro transport-logistika xabi tashkil etilib, BMT tuzilmalari tomonidan Afg’onistonga gumanitar yordam ko'rsatishda uning imkoniyatlaridan keng foydalanmoqdalar.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ShHT Samarqand sammiti doirasida ilgari surilgan Termiz shahrida Afg'onistonni gumanitar qo'llab-quvvatlash bo'yicha maxsus jamg'armani tashkil etish tashabbusini amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Jamg’arma mablag'lari ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta'lim dasturlari va sog'liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo'naltiriladi.

O'zbekiston delegatsiyasi rahbari e’tirof etganidek, transmintaqaviy infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi, shu jumladan "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar" temir yo'lini qurilishi hamda BMT ko'magida Toshkent shahrida O'zaro bog'liqlik bo'yicha mintaqalararo markaz tashkil etilishi Afg'onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishga ko’maklashadi.