Faxriy diplomatlarga ehtirom ko‘rsatildi
2022-yilning 30-sentabr kuni Tashqi ishlar vazirligida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Vazirlik xodimlari, yoshlar hamda tizimda uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriy diplomatlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov so‘zga chiqib, davlatimiz tashqi siyosatini har tomonlama shakllantirishga, uning ustuvor yo‘nalishlari, maqsad va vazifalarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan tajribali diplomatlar – Favqulodda va Muxtor Elchilarni bayram bilan tabrikladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Vazirlik tizimida “Ustoz-shogird” an’analari samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yosh kadrlarni tarbiyalash, ularga diplomatiya ko‘nikmalarini shakllantirishda qo‘l kelmoqda.
Tadbir davomida tizimda uzoq yillar faol ishlab, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan faxriy diplomatlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ergash Shoismatov “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Tadbirda ushbu mukofot o‘z egasiga topshirildi.