Tarjimon-diplomatlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish yoʻlida
30-sentabr - Xalqaro tarjimonlar kuni munosabati bilan bugun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Vazirlik Markaziy apparati va TIV huzuridagi Tarjimonlar byurosi rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov qayd etganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son Farmoni bilan TIV huzurida Tarjimonlar byurosining tashkil etilishi tarjima sohasidagi ishlarning mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilishiga asos boʻldi.
Byuroda xorijiy tillarni puxta va chuqur biluvchi yosh va istiqbolli kadrlar jamoasi shakllantirilib, professional diplomat-tarjimonlar tayyorlash yuzasidan tizimli ishlar orlib borilmoqda. Natijada bugungi kunda mazkur muassasa mutaxassislari respublikamizda oʻtkazilayotgan turli xalqaro forum va seminarlar, muzokara va uchrashuvlar hamda chet ellik mehmonlar ishtirokidagi boshqa muhim tadbirlarlarga jalb qilinmoqda.
Jumladan, joriy yil 15-16-sentyabr kuni Samarqand shahrida oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti chogʻida qoʻllanilgan barcha xorijiy tillar boʻyicha sinxron va ketma-ket tarjima ishlarida Byuro xodimlari faol ishtirok etdi.
Vazir Byuro jamoasini Xalqaro tarjimonlar kuni bilan tabriklab, ularga kasbiy faoliyatida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar va ijodiy zafarlar tiladi. Shu bilan birga, tarjima faoliyati bilan cheklanib qolmaslik, oʻz bilim va malakalarini yuksaltirish yoʻlida muntazam ishlash zaruriyati taʼkidlandi.
Tadbir doirasida Tarjimonlar byurosining oʻz xizmat vazifalarini bajarishda jonbozlik va faollik koʻrsatgan xodimlari taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.