Muzliklar bo'yicha yuqori darajadagi yig'ilish to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Tojikiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Nyu-York shahridatashkil etilgan "Erib borayotgan kriosfera: yer osti suvlarini saqlash va suv resurslarini boshqarish bo’yicha tahdidlari" mavzusidagi yuqori darajadagi yig'ilishda ishtirok etdi.
Tadbirda muzliklarni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish va boshqarish sohasida innovatsion usullarni joriy etish bo'yicha hamkorlikni faollashtirish yo'llari ko'rib chiqildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov yig'ilish ishtirokchilari e’tiboriga O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida global iqlim o'zgarishi oqibatlari yumshatish bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risidagi ma’lumotlarni havola etdi.
O'zbekiston Rahbarining ShHT Iqlim kengashini tashkil etish, iqlim moslashuvi loyihalarini ilgari surish, cho'llanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashda hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbusiga alohida e'tibor qaratildi.
V.Norov o’z nutqida Orol muammosiga alohida to’xtaldi. O'zbekiston Rahbari tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida himoya yashil maydonlarni yaratish, shuningdek Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning aniq natijalari haqida xabar berildi.
Ishtirokchilar joriy yili Nukus shahrida o'tkaziladigan Birinchi Orolbo’yi forumiga taklif qilindi. Orolbo'yi mintaqasi uchun ko'p sheriklik trast fondi faoliyatini moliyaviy qo'llab-quvvatlashning muhimlgi ham e’tirof etildi.