AQSh Maxsus vakillari bilan muzokaralar
2022-yil 21-sentabr kuni Nyu-York shahrida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Amerika Qo'shma Shtatlari Davlat Departamentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Tomas Vest hamda AQShning Afg'on ayollari, qizlari va inson huquqlari bo'yicha Maxsus vakili Rina Ameri bilan muzokaralari bo'lib o'tdi.
Uchrashuv davomida Afg'onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish, uning iqtisodiyotini tiklash, ushbu mamlakatda murakkab ijtimoiy-gumanitar vaziyatni hal etishga ko'maklashish bo'yicha O'zbekiston-Amerika hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
AQSh Maxsus vakillarining ta'kidlashicha, joriy yilning iyul oyida Toshkentda bo'lib o'tgan Afg'oniston bo'yicha xalqaro konferensiya mazkur davlatdagi vaziyatni yo’lga solish borasida jahon hamjamiyatining izchil yondashuvlarini ishlab chiqish uchun samarali platforma yaratdi.
Afg'oniston xalqini qo'llab-quvvatlash bo'yicha xalqaro sa'y-harakatlarni jadallashtirish va tizimlashtirish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Termiz shahrida tashkil etilgan Afg'onistonga gumanitar yordam yetkazib berish uchun Ko'p funktsiyali transport-logistika xabining imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi e’tirof etildi.