"Global rivojlanish bo’yicha tashabbus”ning Do'stlari guruhi Vazirlar yig'ilishi haqida
2022-yil 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van I raisligida "Global rivojlanish bo’yicha tashabbus”ning Do'stlari guruhi Vazirlar yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Tadbirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari siyosat idoralari rahbarlari, BMT muassasalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
O'zbekiston delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o'z nutqida "Global rivojlanish bo’yicha tashabbus”ning Do'stlari guruhi BMT tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish bo'yicha fikr va ilg'or tajribalar almashish uchun muhim platforma ekanligini ta'kidladi.
Mamlakatimizda Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish bo'yicha kun tartibini amalga oshirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumotlar taqdim etildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarining hayotga tadbiq etilishini tezlashtirish maqsadida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, shu jumladan, "yashil yo’laklar"ni tashkil etish, iste’mol mahsulotlari yetkazib berish tizimini qo'llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi.
Iqlim masalalari yuzasidan muloqotni mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi. Iqtisodiyotni karbonsizlashtirish, cho'llanishga qarshi kurash, biologik xilma-xillikni saqlash, muqobil energiyani rivojlantirish bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishning samarali usullarini o'rganish muhimligi qayd etildi.