Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri bilan uchrashuv
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2022-yil 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyarto bilan uchrashdi.
So'nggi yillarda ikki mamlakat xalqlarining ko'p asrlik tarixiy yaqinligi va yaqin aloqalariga asoslangan O'zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlari yuqori dinamika bilan ajralib turadi.
Tomonlar O'zbekiston va Vengriya yetakchilarining o'zaro tashriflar yakunida qabul qilingan qarorlarini sifatli amalga oshirishga tayyorligi tasdiqlandi. Rejalashtirilgan tadbirlar, shu jumladan, Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishi va O'zbekiston-Vengriya biznes-forumining tashkiliy jihatlari ko’rib chiqildi.
Jahon va mintaqaviy siyosat masalalari bo'yicha qarashlar va yondashuvlarning o’zaro mos kelishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat BMT, EXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasida bir-birlarini qo'llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishi ta’kidlandi.
Delegatsiyalar tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiya qilish, sarmoya kiritish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, biznes subyektlarining bevosita aloqalarini qo’llab-quvvatlash, mintaqalararo aloqalarni jadallashtirish bo'yicha birgalikda chora-tadbirlar ko'rish muhimligini ta'kidladilar.
O'zbekiston va Vengriyaning ta'lim, fan va innovatsiya sohalarida aloqalarni rivojlantirishdan birday manfaatdorligi bildirildi.