Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to'g'risida
2022-yil 7-sentabr kuni Ar-Riyod shahrida "Ko'rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo" Strategik muloqotining birinchi yig'ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon bin Abdulla Al Saud bilan muzokara o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-19 avgust kunlari Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi O'zbekiston-Saudiya munosabatlari tarixida yangi davrni belgilab, ikki mamlakatning umumiy qarashlari va intilishlarini yaqqol namoyon etdi.
Tomonlarning oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini, shu jumladan maxsus "Yo'l xaritasi" doirasida har tomonlama amalga oshirishni ta’minlashga tayyorligi bildirildi.
Muloqot chog’ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi o'zaro manfaatli aloqalarni ikki tomonlama darajada hamda "Ko'rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo" formatida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ishbilarmon doiralarning to'g'ridan-to'g'ri aloqalarini har tomonlama rag'batlantirish, o'zaro savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish, sanoat mahsulotlarining qo'shma ko'rgazmalarini tashkil etish, sayyohlik almashinuvlarini ko'paytirish zarurligi ta'kidlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, Saudiya jamoatchiligini O'zbekistonning tarixi va zamonaviy taraqqiyoti bilan tanishtirish maqsadida 2023-yili Ar-Riyod va Jidda shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlarini o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.