Yevropa Ittifoqi oliy vakili bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yilning 6-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Josep Borrel bilan uchrashdi.
Muloqotda Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari, ularni yanada faollashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy, huquqiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, ayniqsa, ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikning institutsional mexanizmlaridan samarali foydalanish orqali oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Tomonlar shu yilning 6-iyulida Bryusselda rasmiy imzolashdan oldin rozilik bildirilgan (parafirlangan) Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralar jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini olqishladilar.
Yevropa tomoni Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, mintaqada doʻstlik hamda yaxshi qoʻshnichilik muhitini shakllantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlarga puxta va sifatli tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kelishuvga erishildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari joriy yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida, shuningdek, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” oʻzaro bogʻliqlik: Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” konferensiyasida shaxsan ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakiliga Oʻzbekiston Respublikasining asosiy qonuniga kiritilayotgan “Inson – jamiyat – davlat” asosiy tamoyili hamda “Inson shaʼni va qadri” gʻoyasini targʻib etishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlarning mohiyati hamda mazmuni haqida batafsil maʼlumot berildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartishlar, birinchi navbatda, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgani, bunda inson huquq va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanishi taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.