Pokiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2022-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilaval Bhutto Zardariy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
B.Zardariy Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT TIVK yig‘ilishi juda muvaffaqiyatli va yuqori tashkiliy darajada o‘tgani, bu yil Tashkilot faoliyatidagi asosiy voqea – Samarqand shahrida bo‘lajak Sammitga tayyorgarlik ko‘rishning yakuniy bosqichi bo‘lganini ta’kidladi. Pokiston tomoni O‘zbekistonning Tashkilotga raisligi doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarning to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini yanada rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish maqsadida savdo va bojxona tartib-qoidalarini o‘zaro asosda osonlashtirish, ikki mamlakat o‘rtasida havo qatnovini tiklash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Madaniyat, ta’lim va turizm sohasidagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Pokiston TIV rahbari konstruktiv xalqaro muloqot uchun zamin yaratgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyaning samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.