BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari bilan uchrashuv

2022-yil 26-iyul kuni  “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Markus Potsel bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning BMT va uning institutlari, xususan, UNAMA bilan o‘zaro hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

V.Norov BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladigan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi. M.Potsel O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi. Anjuman afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalari bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish uchun muhim asos yaratadi.

Bu galgi konferensiya O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishdagi muhim va o‘zgarmas rolini yana bir bor tasdiqlab, O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy tiklashga qo‘shgan hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

UNAMA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent forumi jahon hamjamiyatining asosiy talablarini afg‘on hukumati tomonidan bajarilishi bo‘yicha samarali xalqaro muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lganini ta’kidladi.