O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalarida amaliyot o‘tash uchun tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan uchrashdi.
Qayd etish joizki, mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvlari va Davlatimiz rahbarining Yoshlar kuni munosabati bilan qilgan bayram nutqida bayon etilgan ko‘rsatmalarini hayotga tatbiq etish maqsadida o‘tkazilmoqda. Unda xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti, xalqaro huquq yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etmoqda.
Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuvda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish Strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mezonlari yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishdan iborat ekani ta’kidlandi. Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans davri bunyodkorlari bo‘lgan navqiron avlod vakillari bo‘lgani uchun bu masala hamisha Davlatimiz rahbarining diqqat markazida.
V.Norov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimida yosh kadrlarni jalb etish, ularning bilim va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Mamlakat manfaatlarini xalqaro maydonda samarali ilgari surish, xorijiy hamkorlar bilan faol hamkorlik qilish, O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning sifatli bajarilishini faqat bilimli, iqtidorli va har tomonlama yetuk, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega kadrlargina ta’minlay oladi. Xususan, joriy yilda Tashqi ishlar vazirligi huzurida tashkil etilgan “Yosh diplomatlar klubi” bo‘lajak diplomatik xodimlarning zarur bilim olishi, tajriba va malaka oshirishi, innovatsion ish uslublarini o‘rganishi uchun mo‘ljallangan.
V.Norov tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarni tabriklab, keyingi bosqichlarda muvaffaqiyat tiladi. Xususan, birinchi bosqich g‘oliblari bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida suhbat o‘tkaziladi, shundan so‘ng maxsus tuzilgan komissiya ularni mintaqaviy va funksional boshqarmalarda amaliyot o‘tash uchun taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bu ularga diplomatik sohada zarur bilim, ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lish imkonini beradi, shundan so‘ng talabalar O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga amaliyot o‘tash uchun yuboriladi.