O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari mavzusidagi davra suhbati

2022-yil 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan tashkillashtirildi.

Uchrashuv ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Roli Astxan va boshqalar so‘zga chiqdilar.

V.Norov o‘z ma’ruzasida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning milliy manfaatlarini samarali ilgari surish va zamonaviy xalqaro muammolarga munosib javob qaytarish imkonini beruvchi ochiq, izchil va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat yo‘lini amalga oshirayotganini ta’kidladi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan “2017-2021-yillarda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan aniq va uzoq muddatli maqsadlarga erishildi. O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar, jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro institutlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari sifat jihatidan yangi, misli ko‘rilmagan jadal bosqichga ko‘tarildi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar davrida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida o‘z ifodasini topgan tashqi siyosatning yangi, yanada muhim va dolzarb maqsad va vazifalarini belgilab berdi.

Hozirgi kunda jahonda ro‘y berayotgan, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi bilan tavsiflanayotgan global o‘zgarishlar Markaziy Osiyo davlatlari, qo‘shni va boshqa mintaqalar uchun ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi va uning yangi shtammlari sabab davom etayotgan pandemiya toʻsiqlari va cheklovlari xalqaro hamkorlikning barcha sohalarida, birinchi navbatda, iqtisodiy va logistika aloqalarida salbiy aks etmoqda.

Hozirgi sharoitda tashqi siyosiy faoliyat jug’rofiyasini yanada kengaytirish, xorijiy sheriklar, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan turli darajada va ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni faollashtirish, mintaqa va jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni tizimli monitoring qilish, yuzaga kelayotgan tahdidlarga o'z vaqtida va har tomonlama javob berish zarurligi qayd etildi.

Davra suhbati doirasida V.Norov OAV vakillarining qator savollariga ham javob berdi.

***

Tarmoq sessiyalari davomida uchrashuv ishtirokchilari Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining dolzarb va ustuvor yo‘nalishlari hamda zamonaviy xavf va tahdidlarni hisobga olgan holda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yutuqlarni atroflicha muhokama qildilar.

Tashqi siyosatda Yangi O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imidjini ilgari surish, mamlakatning jahon hamjamiyatidagi yetakchi o‘rni va nufuzli xalqaro reytinglardagi yuksak mavqeini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar va tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy muassasalari vakillarining tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning turli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha ma’ruzachilarning tegishli tavsiya va takliflarini o‘z ichiga olgan maxsus to‘plam nashr etish rejalashtirilgan.